SHHTga a’zo davlatlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev SHHTga a’zo davlatlarning tashqi iqtisodiy va tashqi savdo vazirlari 21-uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda SHHT makonida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli yuzasidan fikr almashildi. Xususan, savdo va investitsiya tartib-taomili, ko‘p tomonlama savdo tizimi, ishlab chiqarish va yetkazib berish, raqamli iqtisodiyot, mintaqaviy hamkorlikni liberallashtirish va soddalashtirish masalalari ko‘tarildi.
Mamlakatimiz vakillari SHHT davlat rahbarlari Kengashida O‘zbekiston Prezidenti va boshqa yetakchilar tomonidan bildirilgan tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish zarurligini qayd etishdi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar vazirlarining ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Bayonoti hamda yetkazib berish sohasida hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi Memorandumi qabul qilindi.
Tomonlar iqtisodiy faoliyat yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatni davom ettirish hamda SHHTning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohaga tegishli hujjatlariga oid ishlarni faollashtirish niyatini bir ovozdan ma’qulladi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA