SHHTga a’zo davlatlar ta’lim vazirlarining o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Xalqaro hamkorliklar nafaqat mamlakat taraqqiyotiga, balki millatlararo hamjihatlikka ham undaydi.
Belarus Respublikasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ta’lim vazirlarining o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Ta’lim orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlik va bilimlar makonini kengaytirish, SHHTning umumiy taraqqiyot kelajagini shakllantirish” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda oliy ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish, shuningdek, yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir doirasida ishtirokchi davlatlar ta’lim tizimlarining bugungi holati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda 2027–2029-yillarda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Davlatlar delegatsiyalari rahbarlari o‘z chiqishlarida ta’lim sifatini oshirish, akademik mobillikni kengaytirish, raqamli ta’lim texnologiyalarini joriy etish, ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va yoshlarning innovatsion faolligini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda SHHT doirasidagi ta’lim loyihalarida ishtirokni yanada faollashtirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Yakunda SHHTga a’zo davlatlar ta’lim vazirlarining o‘ninchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi hamda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tadbir doirasida SHHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari Minsk shahridagi G‘alaba maydonida joylashgan G‘alaba monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimida qatnashdi.
Sherbek Islomov,
O‘zA