SHHTga a’zo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari yig‘ilishi o‘tkazildi
Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda SHHTga a’zo davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari delegatsiyalari, shuningdek, SHHTning doimiy organlari, Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) hamda MDH hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida dastlab delegatsiya rahbarlari Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabulida bo‘ldi. Uchrashuvda tomonlar xalqaro munosabatlar tizimi tubdan o‘zgarib, global barqarorlik jiddiy sinovlarga duch kelayotgan bugungi sharoitda SHHT o‘zining mustahkamligini saqlab qolayotgani hamda o‘zaro ishonch va xavfsizlikni ta’minlashning ishonchli platformasi sifatida xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Raqamli texnologiyalarning jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Axborot xavfsizligini ta’minlash, kibermakondagi tahdidlarga qarshi samarali hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Vazirlar yig‘ilishida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy omillarni bartaraf etish va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar sintetik giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, bu yo‘nalishda axborot almashinuvi va tezkor hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi samarali choralar ishlab chiqish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash va ularning amaliy ijrosini ta’minlashga qaratilgan yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.
***
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov va Pokiston Islom Respublikasining Ichki ishlar va giyohvand moddalar nazorati bo‘yicha federal vaziri Sayyid Muhsin Rizo Naqviy o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ayniqsa, transchegaraviy xarakterdagi jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali choralar ko‘rish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Terrorizm va ekstremizm hamda narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash borasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ma’lumot va ilg‘or tajribalar almashinuvini faollashtirish ikki mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zaro do‘stona va samimiy muhitda o‘tgan uchrashuvda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova, O‘zA