SHHT forumi qanday g‘oyalarni ilgari surdi?
III Xalqaro Maqom san’ati forumi doirasida o‘tkazilgan SHHTga a’zo davlatlarning madaniyatlararo muloqoti madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni kengaytirishga qaratilgan muhim maydonga aylandi.
Forumda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar hamda san’at va madaniyat sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, madaniy-gumanitar hamkorlik SHHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tashkilotga a’zo davlatlar o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va madaniy xilma-xillik tamoyillari asosida hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda.
Joriy yilda SHHT tashkil etilganining 25 yilligi nishonlanayotgani forumga alohida ramziy ahamiyat bag‘ishladi. Ishtirokchilar o‘tgan davr mobaynida tashkilot siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan nufuzli xalqaro tuzilmaga aylanganini qayd etdi.
Bugungi globallashuv sharoitida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, stereotiplarni bartaraf etish va turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotni kengaytirish muhim vazifa sifatida e’tirof etildi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur muloqot platformasi SHHT makonida madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi. O‘zbekiston kino, teatr, musiqa, raqs san’ati va muzeylar sohasida a’zo davlatlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, tashkilotning madaniy loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Shuningdek, “Madaniyat kunlari”ni o‘tkazish, qo‘shma teatr gastrollari, muzey ko‘rgazmalari va xalqaro festivallarda o‘zaro ishtirok etish madaniy aloqalarni mustahkamlashning muhim vositasi sifatida e’tirof etildi.
Forum ishtirokchilari SHHT mamlakatlari aholisi soni 3 milliarddan ortiq ekani, bu esa dunyo aholisining qariyb yarmini tashkil qilishini qayd etib, ushbu ulkan salohiyatdan samarali foydalanish va qo‘shma madaniy loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir davomida milliy an’ana va qadriyatlarni asrashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, madaniy merosni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda uni saqlash, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro forum va festivallardagi hamkorlikni kengaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Forum yakunida madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, SHHT makonida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuv muhitini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Ishtirokchilar mazkur forum SHHT davlatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarni yaqinlashtirish va “Shanxay ruhi” tamoyillarini amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini qayd etdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA