Sherobod tumanida narx-navo barqaror boʻladi
Sessiyada qish-bahor mavsumi uchun oziq-ovqat zaxirasini yaratishning aniq manbalari va manzillari taqdim etildi.
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Sherobod tumani kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi A. Amirovning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash va mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish masalalariga bagʻishlangan hisoboti muhokama etildi.
Sessiyada mahalliy deputatlar, tuman hokimligi mutasaddilari, tashkilotlar rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A. Xodjayev shuningdek, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
Qayd etildiki, tumanda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini saqlash, 2020-2021-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha 3 ming 78 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Jumladan, tayyorlov va taʼminotchi korxonalarga 772 tonna kartoshka, 334 tonna piyoz, 197 tonna sabzi va 195 tonna guruch gʻamlanadi. Korxona, tashkilotlarning ishchi xodimlariga 1 ming 581 tonna birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari zahirasi yaratiladi. Ijtimoiy soha muassasalari uchun 36 tonna kartoshka, 8 tonna piyoz, 8 tonna sabzi, uch tonna guruch jamgʻariladi. Buning uchun mahalliy byudjetdan 240 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
193 mingdan ortiq kishi istiqomat qiladigan tumanda joriy yil yakuni va keyingi yilning pishiqchilik mavsumigacha aholining asosiy turdagi oziq-ovqat (kartoshka, goʻsht, piyoz, sabzi, guruch, un, yogʻ, meva, sabzavot, karam va dukkakli) mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyojlari hamda ularni qoplash manbalari hisob-kitob qilingan. Xususan, aholining yillik ehtiyoji uchun 7 ming 600 tonna goʻsht, 39 million 200 ming dona tuxum, 16 ming 700 tonna bugʻdoy, 10 ming 400 tonna kartoshka, 4 ming 250 tonna piyoz, 5 ming 900 tonna sabzi, 3 ming 960 tonna poliz, 13 ming tonna sarxil meva, 1 ming 950 tonna guruch, 1 ming 500 tonna dukkakli mahsulotlar talab etilishi maʼlum boʻlgan. Bu ehtiyoj fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjalik tashkilotlarida, dehqon xoʻjaliklari va aholi xonadonlarida, tumanda faoliyat yuritayotgan 94 ta chorvachilik xoʻjaliklarida yetishtirilayotgan va parvarishlanayotgan mahsulotlar evaziga qoplanadi.
Yakunlanadigan yilda tumanda ishlab chiqariladigan goʻsht, meva, sut va poliz mahsulotlari bilan tuman aholisini toʻliq taʼminlash imkoniyati mavjud. Shuningdek, ehtiyojdan ortgan mahsulotlarni Termiz shahri va poytaxtimiz bozorlariga chiqarish rejalashtirilgan. Biroq, hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, takroriy ekin maydonlarida yetishtirish imkoniyati boʻlmagan kartoshka, tuxum, guruch mahsulotlarini boshqa viloyatlardan olib kelish va zaxiraga jamgʻarish hisobidan aholi ehtiyoji qoplanadi.
– Pandemiya boshlangan ilk kunlarda odamlarning birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari gʻamlaganini koʻrib, choʻchib ketgan edim, – dedi tuman hokimi. – Davlatimiz tomonidan koʻrilgan izchil chora-tadbirlar natijasida bunga tezkorlik bilan chek qoʻyildi. Endilikda qish va bahor faslida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bozorlarda narx-navo oshib ketishining oldini olish uchun hozirdan barcha choralarni koʻrayapmiz. Masalan, kelgusi yil yanvar-aprel oylari uchun 4 ming 900 tonna kartoshka Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlaridan, 1 ming 600 tonna piyoz, 1 ming 200 tonna guruch qoʻshni tuman va viloyatlardan olib kelinib, omborxona hamda muzlatkichli sigʻimlarda zaxiraga jamgʻariladi.
Joriy yilda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash uchun quvvati 1 ming 500 tonna boʻlgan 5 ta mahsulotlarni saqlovchi sovutgichli sigʻim ishga tushirildi. Yil yakunigacha sigʻimi 1 ming 500 tonna boʻlgan yana 1 ta muzlatkich omborxona ishga tushirilib, muzlatkichli sigʻimlar 3 ming tonnaga yetkaziladi.
Sessiyada qish-bahor mavsumi uchun oziq-ovqat zaxirasini yaratishning aniq manbalari va manzillari taqdim etildi. Fermer xoʻjaliklari va aholi tomarqalarida yetishtirilayotgan mavjud qishloq xoʻjaligi hamda chorvachilik mahsulotlari hajmi tahlil qilib berildi. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va narx-navo asossiz oshib ketishining oldini olish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Sessiyada koʻrilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.