“She’rlarida Sirdaryoning shovullashi eshitilib turadi”
“Halima biron she’rida birovga o‘xshamadi. Ergashganligi rost, ammo o‘xshashi yo‘q. Jumlalarida qilichning shuvillashi, daryoning, aynan ona Sirdaryoning shovullashi eshitilib turadi”.
O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaga ana shundan ta’rif beradi.
Bugun 17 may shoira tavallud topgan kun.Hayot bo‘lganida 77 yoshga kirardi.Shu munosabat bilan Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Ijod maktabida tantanali anjuman bo‘lib o‘tdi.Unda poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar,san’atkorlar, shoiraning oila a’zolari, yaqinlari, muxlislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Dastlab shoira haykali poyiga gullar qo‘yilib, hurmat bajo keltirildi. Maktabda tashkil qilingan muzey eksponatlarining har biri ishtirokchilarga shoira nafasini eslatdi. Undagi qo‘lyozmalar har bir she’rning qanday dunyoga kelganligidan hikoya qilib turibdi. Shoira hayoti va ijodi bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar, hujjatlar, suratlar, shoiraning ramziy ijodxonasidagi buyumlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tantana Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida davom etdi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Shohrux Isakulov tadbirni ochib berdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Halima Xudoyberdiyevaning betakror ijodi haqida gapirarkan shunday dedi:
--Bugun Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 77 yilligini nishonlash uchun jamlandik. 7 sonida hikmat bor. Bu zamindan To‘ra Sulaymon, Halima Xudoyberdiyeva kabi buyuk ijodkorlar, shoirlar yetishib chiqqan. Bu yerga kelganimizda shoiraning ruhini, nafasini his etamiz. Hozirgina biz Halima opa nomi bilan atalgan maktabda bo‘ldik. U yerda o‘qiyotgan yoshlarga havasimiz keldi. Agar imkoni bo‘lsa, hamma narsadan voz kechib, ushbu tomoshagohni to‘ldirib o‘tirgan o‘quvchilarning o‘rnida bo‘lishga rozi bo‘lardim. Bu yoshlar Yangi O‘zbekistonning kelajagini yaratishadi. Ularning orasidan kelgusida ko‘plab Halimalar yetishib chiqishiga ishonamiz. Halima opa o‘zbekning mard, Alpomish shoirasi edi.
Sirojiddin Sayyid o‘zining “Sirdaryoda uyg‘onish” deb nomlangan she’rini o‘qib berdi. Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashurlar xalq shoirasi xotirasi bilan bog‘liq voqealarga to‘xtaldilar.

- Chin ijodkorning ikkita umri bo‘ladi, - dedi adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldosh. - Biri hayotligida, ikkinchisi u yorug‘ dunyoni tark etganidan so‘ng boshlanadi. Xalqimizning suyukli shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning ikkinchi umri mana shunday davralarda, muxlislar, shogirdlar qalbida, xotirasida davom etmoqda. Halima o‘zbekning tug‘ma aslzoda qizi, benazir shoirasi edi va shunday bo‘lib qoladi. Uning nafaqat she’riyati, gap-so‘zlari, muomalasi, salobati, butun borlig‘i chin ma’noda aslzodalarga xos edi. U she’rlarida inson ruhiyati, ayol qalbi kechinmalari manzarasini, yurak dardini chizardi. Shoira yuragida yo‘lbars o‘kirib, sirtdan jilmayib turgan o‘zbek ayolining poetik siymosini yaratdi. Bu olovli she’riyatning tug‘yonlari, tafti hali necha yuz yillar yashaydi. Mening bir taklifim bor. Shoirani faqat tug‘ilgan kunida emas, har kuni eslaylik, yo‘qlaylik. Taniqli ijodkorlar, shoirlar bu qutlug‘ zaminga, ijod maktabiga tez-tez kelib, mahorat darslari o‘tishsa, o‘quvchilar bilan mushoiralar o‘tkazishsa, Halima opaning she’rlarini ularning tilidan tinglashsa, ayni muddao bo‘lardi.

O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova shoira so‘zi bilan aytiladigan qo‘shiqlardan kuylab berdi. So‘ngra ijod maktabi o‘quvchilari ijrosida “Moziyga qaytib” nomli adabiy-badiiy kompozitsiya namoyish etildi. Sahnada To‘maris da’vati, Saroymulkxonim (Bibixonim) sadoqati, Nodirabegim matonati va boshqa o‘zbekning dono, fozila ayollarining xislatlari aks etdi. Bu lavhalar Halima opaning o‘tli she’rlariga ulandi. Shoiraning bolaligi va yoshligi aks etgan lavhalar barchada hayajon uyg‘otdi. Qizaloq tunda osmon to‘la yulduzlarni tomosha qilarkan, eng yorug‘ yulduz bo‘lib porlashni, she’rlar bitishni, kelajakda shoira bo‘lishni orzu qiladi. Onajoni uning orzulari ushalishi uchun duolar qiladi. Orzular og‘ushidagi Halimani go‘yo farishtalar qurshab olib, adabiyot olamiga yetaklab ketishadi. Halimaning orzulari ushaldi. Bilimga chanqoqlik, she’riyatga oshnolik, qadim o‘zbek eli qadriyatlari, ayol qalbi dardlarini kuylash uni yuksaklarga ko‘tardi. Halima bolaligidagi orzusi kabi she’riyat osmonida yulduz kabi chaqnadi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi dutorchi qizlar ansambli, Yunus Rajabiy nomidagi Respublika “Maqom” ansambli xonandalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri