She’rlari millatni yuksaltirgan ijodkor
Yozuvchilar uyushmasi tomonidan poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, olimlar, talaba-yoshlar, jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Tadbir avvalida ustoz Abdulla Oripov ijodining yorqin namunasi — O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangraydi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Abdulla Oripovning umr yo‘ldoshi, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibasi Hanifa aya Oripova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayev, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq shoiri Rustam Musurmon yangilanayotgan O‘zbekistonda milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripovning she’rlari kirib bormagan xonadon yurtimizda bo‘lmasa kerak. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlashga oid tashabbusi yurtimiz bo‘ylab keng quloch yozgani, ming-minglab adabiyot muxlislari uchun ushbu tashabbus chin ma’noda she’riyat va nafosat bayramiga aylanib ketgani shu kunlarda O‘zbekistonimizning turli hududlarida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda, adabiy gurung va muloqotlarda, anjumanlarda yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Xotira tadbirida ustoz shoirining ijodi, hayot yo‘li, el-yurt manfaati yo‘lidagi samarali faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
[gallery-1625]
– Abdulla Oripov she’riyati yuz yillab yashaydigan, millatni birlashtiradigan, uni yuksaltiradigan she’riyatdir, – dedi taniqli jurnalist Ashurali Jo‘rayev. – Uning koinot, borliq, insonni tadqiq etishga oid qaynoq satrlari mangulikka daxldor. Bu she’riyat xalqimizning nomini barhayot qilgan, ko‘klarga ko‘targan she’riyatdir. Shu sababli ham Abdulla Oripov tavallud ayyomi yurtimizda adabiyot, ma’naviyat bayramiga aylanib ketadi.
Darhaqiqat, shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Ruhim», «Xotirot», «Yillar armoni» singari to‘plamlari chop etildi va ularning har biri so‘z san’ati maydonida muhim voqelik bo‘ldi. Ustoz ijodkorning «Bahor», «O‘ylarim», «Onajon» kabi she’rlari nainki o‘zbek she’riyati, balki jahon she’riyatining ham go‘zal namunasidir.
– bugungi tadbirda adabiyot muxlislari, biz farzandlar, nevaralar otamni xotirladik, – dedi ustoz ijodkorning qizi Shoira Oripova. – Taniqli xonanda otam she’rlariga bastalangan qo‘shiqlarni ijro etdi. Abdulla Oripovning ijodiy merosi haqida batafsil so‘z yuritildi. Bu albatta juda hayajonli jarayondir. Bahoriy kayfiyatda hozir butun O‘zbekiston otamning yubileylarini nishonlamoqda. Kuniga bir necha shunday tadbirlarda ishtirok etmoqdamiz. Bularning barchasi xalqimizning katta va cheksiz mehrini isbotlaydigan manzaradir. Bunday e’tibor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan adabiyotga she’riyatga, madaniyatga, ma’rifatga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan darak beradi. Qarang, o‘tgan to‘rt yil davomida shunday muazzam Adiblar xiyoboni bunyod etildi. Ularda qancha shoir va yozuvchilarimizning haykali o‘rnatildi. Ijodkorlarimiz nomi bilan bog‘liq maktablar tashkil etilmoqda. Bolalar, yoshlar kitob o‘qimoqda. Bularning bari ezgu tashabbuslarning amaliy natijasidir.
Tadbirda Abdulla Oripov she’rlari bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar ijro etildi. Talaba-yoshlar tomonidan ustoz shoirimizning Vatan, istiqlol, millatimizni tarannum etuvchi she’rlari o‘qildi. Ishtirokchilar Abdulla Oripov haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Nazokat Usmonova, O‘zA