Shaxmat olimpiadasi: Sindorov-Gukesh to‘qnashuvi ro‘y beradimi?
Bugun, 21 sentyab kuni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 6-tur bahslari har jihatdan eng hayajonli, shov-shuvli qarama-qarshiliklarni taqdim etayotganligi bilan muhim musobaqa kuni hisoblanadi.
Aynan bugun Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Ramishbabu Praggnanandha, Arjun Erigaysi, Nihal Sarin, Gukesh Dommaradjudaн iborat Hindiston jamoasi bilan kuch sinashadi.
Juftilklar holatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Abdusattorov 1 taxtada Praggnanandha bilan, Sindorov Erigayisi bilan, Yoqubboyev Sarin bilan, Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju bilan ro‘baro‘ keladi.

Aytish lozimki, shaxmatchilarimiz Hindiston jamoasi bilan 2022-yili Chinnnay va 2024-yili Budapeshtda o‘tkazilgan shaxmat olimpiadalarida to‘qnash kelgan. Har ikki “jang”da ham murosa yo‘li tanlangandi.
Xo‘sh, bugun o‘yin qanday kechadi? Ustunlik kim tomonda bo‘ladi? Savollar, taxminlar ko‘p. Biroq, o‘yin biz kutganimizdan-da shiddatli, murosasiz bo‘lishi tayin.
Dunyo shaxmat ishqibozlari diqqat markazida bo‘ladigan mazkur bahs mutaxassislar e’tirofiga ko‘ra, Samarqand olimpiadasining eng yuqori nuqtasidagi bellashuv hisoblanadi.
Shuningdek, 6-turda O‘zbekiston-2 jamoasi Ispaniya bilan, O‘zbekiston-3 vakillari Avstraliya jamoasi bilan bahs olib boradi.
Bundan tashqari, Xitoy – Germaniya, Fransiya – Angliya, Armaniston – Eron, AQSH – Norvegiya, Niderlandiya – Isroil, Ozarbayjon – Angliya jamoalari bahsi ham 6-turning muhim o‘yinlari sanaladiki, ushbu jamoalar qayd etgan natijalar o‘rinlar taqsimotiga ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.
Xotin-qizlar yo‘nalishida O‘zbekiston-1 jamoasi Gruziya, O‘zbekiston-2 Shimoliy Makedoniya va O‘zbekiston-3 jamoasi Shvetsiya qarshiligini yengishga harakat qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA