Sharqona yakkakurash ustalari Namanganda
64-Xalqaro “Gullar festivali” doirasida Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida yana bir nufuzli sport musobaqasi start oldi. Shotokan karate-do bo‘yicha an’anaviy xalqaro ochiq turnirda vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, shuningdek, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlaridan tashrif buyurgan 300dan ziyod yosh o‘g‘il-qizlar ishtirok etmoqda.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston shotokan karate-do assotsiatsiyasi raisi, 4-dan qora belbog‘ sohibi Valijon Shamshiyev, shotokan karate-do bo‘yicha terma jamoa shef-instruktori, 7-dan qora belbog‘ sohibi, yetti karra jahon chempioni Xo‘jamqul Xo‘jamqulov bunday musobaqalarning ahamiyatiga to‘xtalib, o‘sib kelayotgan yoshlarni sportga oshno etish, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, Vatanimiz sha’nini xalqaro arenalarda ulug‘laydigan chempionlarni yetishtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Yoshlar o‘rtasida shotokan karate-do sport turini keng ommalashtirish, ko‘plab chempionlarni tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shgan bir guruh sport faxriylari turnir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirilib, maxsus esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
Musobaqaning olti yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan qatnashchilari 25 kilogrammdan +100 kilogrammgacha bo‘lgan 25 ta vazn toifasida tatamida yakka va jamoaviy kumite yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashmoqda. Qizg‘in ruhda kechayotgan bahslarda dastavval eng kichik yoshdagi bolajonlar o‘rtasida g‘olib chiqqan iqtidor sohiblariga diplom va medallar taqdim qilindi.

Xalqaro ochiq turnir terma jamoamiz a’zolari uchun shu yilning 28 sentyabridan 5 oktyabriga qadar Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan shotokan karate-do bo‘yicha jahon chempionatiga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini ham o‘tamoqda.

– Namanganga beshinchi bor kelishimiz, xalqaro turnirga tashkilotchilar qardosh mamlakatlar vakillarini ham taklif qilishayotganligini yuksak qadrlaymiz. Bu ham Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘zaro do‘stona siyosati sport maydonlarida ham o‘z ifodasini topayotganligini anglatadi, – deydi Tojikiston Respublikasi judokan karate-do federatsiyasi prezidenti Foziljon Ahmedov. – Musobaqada So‘g‘d viloyatining Xo‘jand shahridan 14 nafar sportchimiz o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda. Kelasi iyul oyida Tojikistonda ham yirik xalqaro turnir tashkil etamiz, unga o‘zbekistonlik sportchilarni ham taklif qildik.
Musobaqa tashkilotchisi – viloyat shotokan karate-do assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ilhomjon Qosimovning ma’lum qilishicha, kelgusi yilda xalqaro turnirda ishtirok etuvchi davlatlar, jamoalar va sportchilar sonini oshirish rejalashtirilgan.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri