Sharq va G‘arbni bog‘lagan san’at
Buyuk Ipak yo‘li qadimda Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi savdo yo‘li bo‘lib, madaniy aloqalar va musiqiy merosning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Ushbu hududda musiqiy an’analar turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasida almashinuv jarayonida shakllangan. Sharqning an’anaviy musiqasi, masalan, maqomlar, G‘arb musiqasi bilan birlashib, yangi musiqiy yo‘nalishlar va uslublarni yaratishga yordam bergan. Buyuk Ipak yo‘li davlatlarida musiqiy meros nafaqat madaniy boylik sifatida, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash vositasi sifatida ham ahamiyatga ega.

Buyuk Ipak yo‘li, Sharq va G‘arb madaniyatlarining ulkan musiqiy an’analari bilan uyg‘unlashgan hudud sifatida tarix davomida madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etgan. Ushbu hududda rivojlangan musiqiy meros insoniyat madaniyati boyligini aks ettiradi.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Maqom xonandaligi” kafedrasi tomonidan “Buyuk ipak yo‘li davlatlarida an’anaviy musiqa: Sharq va G‘arb madaniy aloqalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Unda Sharq va G‘arb an’anaviy musiqasining umumiy va o‘ziga xos jihatlari, musiqiy janrlar va uslublarning uyg‘unlashuv jarayoni, madaniyatlararo aloqalar natijasida paydo bo‘lgan musiqiy yangiliklar va ularning xalq an’analari bilan o‘zaro bog‘liqligi, musiqiy an’analar o‘zaro ta’sirini kuchaytirgan omillar, mavjud muammolar va ularning yechimlari atroflicha muhokama etildi.

Anjumanda “Buyuk ipak yo‘li davlatlarida an’anaviy musiqa an’analar va janrlar transformatsiyasi”, “Sharq va G‘arb xalqlari musiqa madaniyatining o‘zaro integratsiyasi”, “Madaniyatlararo hamkorlik natijasida shakllangan musiqiy innovatsion tendensiyalarning xalq an’analari bilan o‘zaro bog‘liqligi” kabi sho‘’balarda ish olib borildi.
Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida ijrochilik maktablarining yirik namoyandalari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’ruza qildi. Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 60 dan ortiq turdosh oliy ta’lim dargohi hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Bu kabi anjumanlar xalqaro miqyosda madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, musiqiy merosni saqlash va targ‘ib qilishda muhimdir. Konferensiya musiqiy an’analar va ijodiy tajribalarni o‘rganish orqali yangi istiqbollar ochib, madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA