“Sharaf yo‘li” hamda “Sharofnoma” kitoblari taqdimoti
Jizzax shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida atoqli yozuvchi, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ikki asar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli yozuvchi, shoir va jurnalistlar, Jizzax davlat pedagogika universiteti olimlari, professor-o‘qituvchilar, yozuvchining yaqinlari, faxriylar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov, O‘zbekiston Qahramoni, mehnat faxriysi Parda Ziyatov va boshqalar yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning “Sharaf yo‘li” romani hamda shoira Sayyora To‘ychiyevaning “Sharofnoma” nomli doston va esselar to‘plamining badiiy ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
– Biz, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri eli Sharof Rashidovni samarqandlik deb bilsak, Jizzax viloyatida yashovchilar Sharof otani jizzaxlik deyishadi. Aslida atoqli yozuvchi Samarqand viloyati Jizzax tumanida tavallud topgan va u kishi butun O‘zbekistonning suyukli farzandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Oliy Majlis Senati a’zosi, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev. – Sharof Rashidovni bilmagan odam o‘zbekistonlik emas. Atoqli yozuvchi, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning hayoti va mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishmoq istagida bo‘lganlar “Sharaf yo‘li” hamda “Sharofnoma” nomli kitoblarni o‘qishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Chunki, atoqli yozuvchi, davlat arbobining yorqin siymosi kitobda badiiy jilolar bilan yorqin aks ettirilgan. Buning uchun har ikki ijodkorga rahmatlar aytishimiz lozim.
– Sharof Rashidovning buyuk shaxs sifatidagi siymosi “Sharaf yo‘li” romani hamda “Sharofnoma” nomli doston, esselar to‘plamida hayotiy va ta’sirchan misollar yordamida ochib berilgan, – deydi taniqli ijodkor Shuhrat Jabborov. – Unda juda qimmatli va kerakli, jiddiy fakt va ma’lumotlar keltirilgan. Xalqimiz buyuk inson haqidagi asarlarni intiqib, intizorlik bilan kutadi, chunki u kishining O‘zbekiston xalqi uchun amalga oshirgan ishlarini 3-4 ta kitobga sig‘dirish mumkin emas.
Kitoblarning mualliflari Abduqayum Yo‘ldoshev hamda Sayyora To‘ychiyeva taqdimot tashkilotchilariga va barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
[gallery-13964]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari