Shamenaz Bano: Lazgi – inson qalbi va tabiat uyg‘unligining raqsdagi ifodasi
Shu kunlarda Xiva shahrida bo‘lib o‘tayotgan III “Lazgi” xalqaro raqs festivali nafaqat milliy san’atimiz, balki jahon madaniyati uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu nufuzli anjumanga turli mintaqalardan tashrif buyurgan olimlar, san’atshunoslar va ijodkorlar lazgining tarixi, mazmun-mohiyati hamda uning san’at olamida tutgan o‘rni xususida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sohibasi, Hindistondagi “Progressive Literary & Cultural Society” madaniyat tashkiloti asoschisi va bugungi kunda Allohobod shahridagi Rajarshi Tandon Mahila Mahavidyalaya instituti ilmiy xodimi, adabiyotshunos Shamenaz Bano lazgi raqsining o‘ziga xos jihatlari, uning insoniy tuyg‘ularni ifoda etishdagi roli hamda jahon madaniyatida tutgan mavqei xususida o‘z fikrlarini bayon etdi.
– Lazgi – O‘zbekistonning eng qadimiy va mashhur raqs turlaridan biri hisoblanib, bugungi kunda butun dunyoga tobora mashhur bo‘lib bormoqda. Lazgi Xorazm vohasiga mansub raqs turi bo‘lib, sho‘x kuy jo‘rligida g‘ayratli va shijoatli erkak hamda ayol raqqoslar tomonidan ijro etiladi. Sivilizatsiya beshigi bo‘lgan qadimgi Xorazm madaniyatining ilk ko‘rinishlari raqs san’atida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Tarixchilar fikricha, lazgi uch ming yillik tarixga ega. O‘zining betakror sifati tufayli u YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu raqs turining butun dunyoga ommalashishiga ko‘plab o‘zbek olimlari va san’atkorlari hissa qo‘shgan. Ular orasida O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova alohida o‘rin tutadi.

G.Matyoqubova 1947-yil 18-oktabrda Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining “San’at nazariyasi va tarixi” kafedrasi professori, Yevroosiyo Raqs akademiyasining faxriy akademigidir. Mohir raqqosa-baletmeyster, etnograf va o‘zbek milliy raqs san’ati targ‘ibotchisi Gavhar Matyoqubova bugungi kunga qadar O‘zbekiston va boshqa xorijiy mamlakatlarda 200 ga yaqin raqs sahnalashtirgan.
U “Lazgi” (2017), “San’at fidoyisi” (2018), “Lazgi: sevgi va qalb raqsi” (Qohira, 2022), “Xorazm lazgi raqsi: tarix va tavsif” (2022), “Xorazm lazgisi tarixi” (2023) kabi kitoblar, risolalar va monografiyalar muallifidir. Shuningdek, u 2021-yilda “Xorazm raqs harakatlari nomlarining o‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha-turkcha qisqacha izohli lug‘ati”ni nashr ettirgan. Bu kitob nafaqat O‘zbekiston, balki Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Misr, Germaniya, AQSH va Tailand kabi mamlakatlarda ham turli tillarda nashr etilgan. So‘nggi paytlarda G.Matyoqubova “O‘zbek va hind raqslari” hamda “Lazgining Avestoga oid ildizlari” monografiyalari ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Lazgi raqsining jahon miqyosida ommalashishiga hissa qo‘shayotgan yana bir ziyoli inson – professor Hulkar Hamroyevadir. Filologiya fanlari doktori H.Hamroyeva Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Uning “O‘zbek milliy raqs san’ati atamalarining tadqiqi”, “Lazgi – sevgi va qalb raqsi”, “Notiqlik san’ati”, “So‘z mas’uliyati”, “Fidoyilik falsafasi”, “O‘zbek bolalar folklor raqslari: an’anaviylik va zamonaviylik” kabi monografiya va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan. Shuningdek, u Moskva, Qohira, Istanbul, Boku, Dehli, Ostona kabi shaharlarda o‘tkazilgan turli xalqaro ilmiy-nazariy anjumanlar ishtirokchisi.

Men bu ikki san’at fidoyisi bilan ilk bor Agra shahrida bo‘lib o‘tgan Hindiston-O‘zbekiston madaniyat festivalida uchrashgan edim. O‘sha tadbirda ularning chiqishlari va mulohazalari menda juda katta taassurot qoldirgan. Ayniqsa, Gavhar Matyoqubovaning lazgi raqsining tarixi, uning harakatlarida mujassam bo‘lgan ma’no va falsafa haqidagi chuqur tahlillari barcha ishtirokchilarni maftun etgandi. U lazgini nafaqat raqs, balki inson qalbining ifodasi, tabiat va hayot bilan uyg‘unlik ramzi sifatida talqin qildi.
Shuningdek, Hulkar Hamroyeva o‘z ma’ruzasida lazgining til va madaniyat bilan bog‘liq jihatlarini ta’kidlab, raqs atamalarining ma’no qatlamlari orqali xalq dunyoqarashi va tafakkuri qanday aks etishini misollar bilan tushuntirib bergandi.

Xivadagi III “Lazgi” xalqaro raqs festivalida namoyish etilayotgan lazgi chiqishlari va ilmiy mulohazalar shuni yana bir bor isbotlaydiki, bu noyob raqs turi allaqachon milliy doiradan chiqib, jahon san’ati sahnasida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ishtirokchilar lazgining nafaqat tashqi jozibasi, balki uning ichki mazmuni – inson his-tuyg‘ulari, tabiat va ruhiy olam uyg‘unligini aks ettirishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu ma’noda, lazgi nafaqat san’at namunasi, balki o‘zbek xalqining milliy iftixor timsolidir.
Umuman olganda, lazgi – bu millat ruhining jonli ifodasi, u qanchalik qadimiy bo‘lsa, shunchalik zamonaviy va jahoniydir. Uning dunyo madaniyatidagi o‘rni esa kun sayin mustahkamlanib, o‘zbek san’atining betakror qiyofasini namoyon etib bormoqda.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA