Shahrixonlik yoshlarga yer maydonlari ajratilmoqda
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bu borada Shahrixon tumanida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan, mahallalardagi o‘rganishlar jarayonida tumandagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar orasidan yer olib, dehqonchilik qilish istagidagi yigit-qizlar ro‘yxati shakllantirildi.
Shu kunlarda tuman hokimi, sektor rahbarlari ishtirokida ana shu yoshlarga dehqonchilik qilib, daromad topishlari uchun o‘zlari yashayotgan hududlardagi unumdor va sug‘orishda muammo bo‘lmaydigan yer maydonlaridan 15 sotixdan ajratib berilmoqda.
[gallery-16502]
– Biror kasb yoki hunarning boshini tutmadim, – deydi Do‘lan mahallasida yashovchi Husanboy Hamraboyev. – Ishsizman, shu bois, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edim. Bugun men kabi ko‘plab yoshlarga yer ajratib berildi. Endi dehqonchilik qilib, daromad olish, ota-onamizga ko‘maklashish imkoniga ega bo‘ldik. Ushbu imkoniyatdan samarali foydalanishga astoydil harakat qilaman. Buning uchun Yurtboshimizga mingdan ming rahmat.
Ajratib berilgan yer maydonlari nafaqat yoshlar bandligini, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mo‘l-ko‘lligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan bu kabi amaliy ishlar tumanning barcha massivlarida davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari