Shahar va qishloqlarimiz yanada obod bo‘ladi
Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro shahri Abu Havs Kabir ko‘chasida joylashgan Buxoro ixtisoslashtirilgan madaniyat maktab-internatining bino va inshootlari tegishli hudud bilan birgalikda Mir Arab madrasasiga bepul berilgan edi. Ayni vaqtda bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Bilim dargohida 200 kishiga mo‘ljallangan oshxona, yozgi sport maydonchasi, qishki sport zal, suzish havzasi, talaba va xodimlar uchun masjid, kichik va katta konferensiyalar zali, 12 ta oilaga mo‘ljallangan xizmat uylari, 150 kishilik talabalar yotoqxonasi, zamonaviy kutubxona qurilgan. Ayni kunda yakuniy pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mir Arab madrasasining yangi binosining hovlisi har doimgidanda gavjum. Viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Majidov boshchiligida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi, imom xatiblar, nodavlat notijorat tashkilotlari, Mir Arab oliy madrasasi va Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurtining savobtalab ustozlari va ilmi toliblari «Yashil makon» loyihasi doirasida tashkil etilgan «Dolzarb 40 kunlik» aksiyada faol qatnashmoqda.
[gallery-4882]
– Prezidentimiz bizga ana shunday muhtasham makonni tuhfa etdi, – deydi oliy madrasa direktori Haydarxon Yuldashxojayev. – Endi bu maskanni doimo obodu pok tutib, go‘zal saqlash, doimo yashillikka burkantirish bizning vazifamizdir. Yangi bino hovlisida 30 turdagi 500 tubga yaqin mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda.
Hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Archa, gujum, pavloniya, chappa tut, behi, nok, yong‘oq, xurmo, majnuntol kabi turli xil manzarali va mevali ko‘chatlar o‘tqazildi.
– Shahrimizning har bir fuqarosi bittadan ko‘chat ekkanda shahrimiz qiyofasi yanada ko‘rkam va go‘zal bo‘ladi, – deydi Buxoro shahar imom xatibi Otabek Avezov. – Bunday sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni qadrlash, ularni yoshlar qalbiga singdirish, qishloq va shaharlar, mahallalarni ko‘rkam ko‘rinishga keltirishdan iborat.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA