Sessiyada dolzarb masalalar muhokama qilindi
Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida hududda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning holati va kelgusida belgilangan asosiy vazifalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida belgilangan dolzarb vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan viloyatda aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlarini yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati o‘rganilgan.
Sessiya ishida dastlab ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi, ishchi guruhi rahbari Nodir Jumayevning ma’ruzasi tinglandi.
Shundan so‘ng deputatlar Buxoro shahri ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i B.Sharipovning axborotini eshitdi. Qayd etilishicha, 2023 yil 7 oyi mobaynida Buxoro shahrida jami 846 yoki 1,17 foizga jinoyatlar kamayishiga erishilgan. Jinoyatlarning 61 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan, 39 foizi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlarni tashkil etgan. Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 24 taga yoki 7,8 foizga kamaygan.
Hisobot davrida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 220 nafar ayolga nisbatan himoya orderi rasmiylashtirildi, buning natijasida 51 oila yarashtirildi, 14 nafar fuqaro himoya orderi talablarini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Deputatlar bu borada amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etish bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini qayd etishdi. Xususan, xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 56 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 18,8 foizga hamda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 144 foizga oshgani tanqid qilindi. Jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan mazkur toifadagi shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar yetarli darajada bajarilmaganiga e’tibor qaratildi.
[gallery-13272]
Ushbu masala yuzasidan Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi R.Kazimovaning munosabati tinglandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Buxoro shahri hokimi J.Nosirovning axborotiga ko‘ra, 2023 yilda shaharda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan.
Buxoro shahrida 2023 yilning yanvar-iyul oylari davomida jami 15,8 ming aholi bandligini ta’minlashga erishilgan. Jumladan, 9,1 ming nafar ishsiz va kam daromadli fuqaroni doimiy, 5,6 ming nafarini legallashtirish va 1,1 mingtasini mavsumiy ishlarga jalb qilish hisobiga ular qo‘shimcha daromad bilan ta’minlangan. Mavsumiy jamoat ishlariga ishsiz fuqarolarni jalb qilish ishlarini tashkil etish orqali 923 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Joriy yil davomida hokim yordamchilari ko‘magi bilan 17 158 nafar fuqaro doimiy ishga, 2 655 nafari mavsumiy ishga, 7 669 nafar fuqaro esa turli xildagi kasb-hunarga yo‘naltirilgan.
Sessiya ishida ishtirokchilar tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligida shahardagi 65 mahallaning 53 tasi (yoki 81,5 foizi) ishsizlikdan holi hududga aylantirilgani e’tirof etildi.
Shu bilan birga, sohadagi ayrim masalalar tanqid ostiga olingan. Jumladan, shaharda yangi ishlab chiqarish quvvatlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirilishi hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga qaramasdan, norasmiy sektorda faoliyat olib borayotgan fuqarolarning ko‘pligi sababli hududda ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shuningdek, “Ayollar daftari”ni shakllantirishda mas’ullar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar ham jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi a’zolarining ham muhokama etilgan masalalar bo‘yicha fikr va mulohazalari, takliflari eshitildi.
Xususan, yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov so‘z olib, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, uning mohiyati va ahamiyati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati haqida, shuningdek, Prezidentimizning Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida alohida to‘xtaldi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA