Serbiya turnirida taekvondochi qizlarimiz muvaffaqiyatga erishdi
Serbiyaning Belgrad shahrida taekvondo WT bo‘yicha o‘tkazilgan G-1 toifasidagi “Galeb Belgrade Trophy-Serbia Open 2026” xalqaro turnirida mamlakatimiz sportchilari 2 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 30 dan ziyod davlatidan 900 nafarga yaqin mahoratli taekvondo ustalari ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Madina Mirabzalova hamda Svetlana Saidova ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy egalladi.

23-marotaba o‘tkazilgan xalqaro turnirda Madina Mirabzalova -57 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqdi. Ushbu vaznda keyingi o‘rinlarni Xitoy va Yaponiya terma jamoasi a’zolari band etdi.

Xalqaro turnirning +67 kilogrammida dayanga chiqqan hamyurtimiz Svetlana Saidova bronza medalga egalik qildi. Oltin va kumush medallar Rossiya va Serbiya vakillariga nasib etdi.
Medallar jamg‘arishda Xitoy, Janubiy Koreya va Turkiya jamoalari yetakchilikka erishgan vaziyatda O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta medal bilan kuchli o‘nlikdan o‘rin egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA