Sepida 800 dan ziyod kitob bilan kelgan kelin
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Sho‘rquduq qishlog‘iga Andijondan kelin bo‘lib tushgan Nasiba Ibrohimova o‘zgacha sepi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortdi. U yangi xonadonga 800 dan ziyod kitob bilan kirib keldi. Bu haqdagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, mazkur oila bilan yaqindan tanishish istagi tug‘ildi va biz manzil sari yo‘l oldik.
Sho‘rquduq – viloyatning chekka hududlaridan biri. Pastu baland soyliklarda joylashgan qishloqda aholining asosiy tirikchiligi chorvachilik va dehqonchilikka bog‘langani darhol ko‘zga tashlanadi. Keng tomorqalar, o‘tlab yurgan qo‘y-qo‘zilar buning yorqin dalili. Yana bir jihat e’tiborni tortadi: xonadonlar hovli devorlari bilan o‘ralmagan, darvozalar deyarli yo‘q. Bu esa odamlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, samimiyat va bag‘rikenglik hali-hamon mustahkamligidan dalolat beradi.
Nihoyat, mahalla faollari hamrohligida kitobxon kelin yashaydigan xonadonga yetib keldik. Bizga samimiy chehra bilan peshvoz chiqqan xonadon bekasi – kelinning qaynonasi Mehri opa Diyorova bo‘ldi. U kishi hovliga taklif qilib, an’anaviy mehmondo‘stlik bilan supaga gilam to‘shab, suhbatga chorladi.
Bugungi kunda kelin tanlashda ba’zan moddiy jihatlar sep-sarpo, zeb-ziynatlarga ortiqcha urg‘u berilayotgani sir emas. Ayrim hollarda esa bu holat an’ana tusini ham olib bormoqda. Ana shunday vaziyatda kitoblarni sep qilib kelgan kelinni qabul qilgan qaynonaning fikrlari alohida qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-28333]
– O‘g‘lim kitobxon, ziyoli bo‘lmasa, Andijon qayerdayu Qashqadaryo qayerda, bu qadar uzoqdan kelin bo‘lib kelmas edi, – deydi Mehri opa. – Biz oilaviy kitobxonmiz. Shuning uchun kelinimiz ham ishonch bilan rozi bo‘ldi. O‘g‘lim Mirjalolning kitobga mehri bolaligidan shakllangan. Bunga sabab, qaynotamning kichik kutubxonasi bor edi. U kishi shifokor bo‘lish bilan birga, adabiyotga juda qiziqar, she’rlar yozardi. Men ham kelin bo‘lib tushganimda o‘sha kitoblar olamida ulg‘aygandek bo‘lganman.
Opa o‘zbek adabiyotiga mehri baland ekanini ta’kidlab, Mirmuhsinning “Me’mor” asari, shuningdek, O‘tkir Hoshimov, Oybek, Odil Yoqubov, Said Ahmad kabi adiblar ijodi unda katta taassurot qoldirganini aytadi.
Uning ta’kidlashicha, kelin tanlashda ham u kitobxonlikka alohida e’tibor qaratgan.
– Kelinimni sinovdan o‘tkazganman, – deydi u kulib. – O‘qigan asarlari, qahramonlari haqida savol-javob qildik. Dunyoqarashimiz bir-biriga yaqin ekanini ko‘rib, rozi bo‘lganman.
Haqiqatdan kitobga mehr qo‘ygan ota-onaning farzandi ham shu ruhda kamol topadi. Mirjalol Maxmatraimov ham shunday muhitda ulg‘aygan. Uning ilk xarid qilgan kitobi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari bo‘lgan. Ushbu kitobni u maktabda tushlik uchun berilgan pullarini tejab, yig‘ib sotib olgani esa uning ilmga bo‘lgan intilishini yaqqol ko‘rsatadi.
Shu muhabbat va intilish samarasi o‘laroq, Mirjalol viloyatning olis qishlog‘idan chiqib, o‘z bilimi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga grant asosida o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Suhbat davomida kitobxon kelin Nasiba Ibrohimova ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bolaligimdan kitobga qiziqib o‘sganman, – deydi u. – Ota-onam o‘qituvchi bo‘lgani uchun uyimizda doimo kitoblar bo‘lardi. Onam sabab 3 yoshimdayoq savod chiqarganman. Maktabga borganimda darsliklarni avvaldan o‘qib bo‘lganim uchun darslar ba’zan zerikarli tuyulardi. Shu bois ko‘proq kutubxonaga murojaat qilardim.
Uning aytishicha, adabiyotga bo‘lgan qiziqishi, ayniqsa, tarixiy asarlar orqali kuchaygan. Bugungi kunda uning shaxsiy kutubxonasida turli sohalarga oid kitoblar jamlangan bo‘lib, ularning katta qismi tarixiy va ilmiy adabiyotlardan iborat.
Yoshlar agentligi tadbirlaridan birida Nasiba va Mirjalolning tanishuvi ularning hayotida yangi sahifa ochgan. Kitobga bo‘lgan umumiy mehr ularni yanada yaqinlashtirgan. Ular bir-biriga kitob sovg‘a qilishni odat qilgan va qisqa vaqt ichida umumiy kutubxonasi 1,5 ming nusxaga yaqinlashgan.
– Kitoblarimizning taxminan 70 foizini o‘qib chiqqanman, – deydi Nasiba. – Ayrim asarlarni qayta-qayta o‘qiyman. Chunki yaxshi kitob har gal yangi ma’no ochadi.
Uning ta’kidlashicha, ular kelajakda farzandlarining ham kitobxon bo‘lishini istaydi. Shu bois adabiyotshunoslik va psixologiyaga oid kitoblarni ham to‘plab bormoqda.
Qahramonimizning yana bir qiziqishi – qadimiy tangalar kolleksiyasi. Uning aytishicha, bugungi kunda turli davlatlarga oid 40 ga yaqin tangalarni jamlagan. Ularning orasida Aleksandr Makedonskiy davriga tegishli nodir namunalar ham bor.
– Bu men uchun oddiy xobbi emas, – deydi u. – Qadrli xotira va ma’naviy boylik. Shuning uchun ularni sotishni istamayman.
Darhaqiqat, kitobga mehr inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi eng muhim omillardan biri. Bunday oilalarda ulg‘aygan farzandlar ham ilmga intilib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi. Mirjalol va Nasiba misolida kitobxonlik nafaqat shaxsiy fazilat, balki oilaviy qadriyat darajasiga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari