Senatorlar murojaat egalarining xonadonlariga bordi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari Jizzax viloyatning chekka qishloqlarida bo‘lib, Senatga murojaat qilgan fuqarolar bilan uchrashdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil asosida tashkil etilayotgan ushbu uchrashuvlarda fuqarolarning murojaatlari qisqa fursatlarda o‘zining ijobiy yechimini topayotir.
Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, yuqori palataning tegishli qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini o‘rganish, ushbu masalalarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga amaliy yordam ko‘rsatish, fuqarolar murojaatlari bilan joyida ishlash maqsadida Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar Jizzax viloyatida fuqarolar bilan uchrashmoqda. Respublikamizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi aholi huzuriga borib, ular orasiga kirib, murojaatlari, dardu tashvishlarini tinglab, fuqarolar bilan jonli muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Fuqarolarning turmush tarzi, yashash sharoitini o‘rganish, ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish, masalani joyida ijobiy hal etish choralarini ko‘rish bugunning eng dolzarb masalalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Siddiqov, Xalq depututlari viloyat Kengashi deputati, Senat a’zosi N.Pardayev murojaatlar yuzasidan Zomin tumanida bo‘lib, bevosita murojaatchilar bilan “xonadonbay” tizimda ish olib bordi.
Jumladan, Senat a’zolari Oliy Majlisi Senatiga qilingan murojaat yuzasidan “Shirin” qishloq fuqorolar yig‘ini, Nebo‘sa qishlog‘ida yashovchi fuqaro I.Anorboyevning xonadonida bo‘lib, u va oila a’zolari bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi.
1999 yilda tug‘ilgan Inomjon Anorboyev bolalikdan nogiron bo‘lib, viloyat onkologiya dispanseri nazoratida turadi va muntazam ravishda davolanib keladi. U Oliy Majlis Senatiga o‘ziga doimiylik asosida nogironlik guruhi belgilanishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi.
I.Anorboyevning murojaatini o‘rganish jarayonida Zomin tuman prokurori, 2-sektor rahbari I.Aliqulov, tuman tibbiyot birlashmasi rahbari R.Ibragimov, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limi rahbarining o‘rinbosari N.Omonova, “Shirin” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi, maslahatchilari, fuqarolar yig‘ini faollari ham ishtirok etdi.
Murojaatchiga amaliy ko‘mak berish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilib, mazkur murojaat ijobiy yechim topdi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari R.Siddiqov boshchiligidagi tuman faollari 3-sektor hududidagi Dashtobod shahri, “Baxt” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Zayniddin Yo‘ldoshevning xonadoniga ham bordi.
Z.Yo‘ldoshev, Senatga yo‘llagan murojaatida, mahallada yashovchi fuqarolar toza ichimlik suvi tanqisligi muammosi bilan qiynalib kelayotganini bildirgan bo‘lib, ushbu murojaat va hududda elektr energiyasidagi uzilishlar muammosi ham Dashtobod shahar hokimi M.Taniqulov, 3-sektor rahbari, tuman IIOFMB boshlig‘i F.To‘ychiyev, tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni tez orada bartaraf etish bo‘yicha sohaga daxldor tashkilotlar mas’ullariga tegishli topshiriqlar berildi, mutasaddi rahbarlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilib, ijro muddati belgilandi va u qat’iy nazoratga olindi.
Suhbatlar davomida hech bir murojaat qog‘ozda qolib ketmasligi, har bir murojaat etuvchining fikri inobatga olinishi va tegishli tartibda o‘rganib chiqilishi, amaliy choralar ko‘rilib, aniqlangan muammolar joyida bartaraf etilishi ta’kidlandi.
A.Qayumov, O‘zA