Senator aholi murojaatlarini o‘rganmoqda
Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Manzura Salimova Farg‘ona viloyatida bo‘lib Oliy Majlis Senati Raisiga murojaat yo‘llagan bir guruh fuqarolarning murojaatlarini o‘rganmoqda.
Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi kotibiyatida tashkil etilgan o‘rganishda murojaatlar bo‘yicha tegishli boshqarma va tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Farg‘ona shahrida yashovchi Sh.Qoraboyeva ikki farzandi bilan qariyb 10 yildan buyon ijarada yashayotgani, shu sababli uy-joy bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ushbu masala bo‘yicha senator va shahar hokimligi mas’ullari tomonidan fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi.
– Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil, mushkulini oson qilish – aholining davlatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi. Har bir murojaat ortida inson manfaati, taqdiri turadi, – deydi senator Manzura Salimova.
Shuningdek, senator tomonidan boshqa murojaatlar ham ko‘rib chiqilib, ularni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli tashkilot va muassasalar mutasaddilariga ko‘rsatmalar berildi. Uchrashuvlar rejasiga ko‘ra, senator ishtirokida Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi kotibiyatida videokonferensaloqa shaklida tuman-shahar Kengashlari kotibiyatlari mudirlari, doimiy komissiyalar raislari jalb etilgan holda onlayn muloqot o‘tkazildi. Unda joriy yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va boshqa masalalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
M. Sulaymonov, O‘zA