Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisi qachon bo‘lishi ma’lum qilindi
Oliy Majlis Senati kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, bozor munosabatlarini takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, mudofaa va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim qonunlar va masalalar kiritilgan.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunni muhokama qiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitiladi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham yalpi majlis kun tartibi doirasida muhokama etiladi.
Kengash qaroriga muvofiq Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisi 2026-yil 7-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
N.Abduraimova, O‘zA