Senatda mas’ullardan xalqimiz kutayotgan masalalar yechimi so‘raldi (+video)
Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlis – bu Senatning har oyda bir marta o‘tkaziladigan katta yig‘ini. Bu nafaqat qonunlarni muhokama qilish, ma’qullash, balki xalqimiz hayotiga oid masalalar ko‘rib chiqiladigan, zarur bo‘lganda, Hukumatdan tortib vazirlargacha va boshqa mansabdorlarga parlament so‘rovi yuboriladigan, shu bilan birga, ularning qilayotgan ishlari haqida hisobotlari eshitiladigan muhim majlis.
Shu jihatdan yalpi majlis nafaqat parlament vakillari, balki barchamizga birdek daxldordir.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va milliy manfaatlarga asoslangan tashqi siyosat tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar markazida inson qadri, xalq manfaati va mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyotiga xizmat qiluvchi strategik maqsadlar turgani qayd etildi.
– Mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir, - dedi T.Norboyeva. – Yaqinda Qurbon hayiti munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan hamda turli xastaliklarga chalingan minglab yurtdoshlarimizga keng ko‘lamli xayriya va saxovat tadbirlari orqali amaliy yordam ko‘rsatildi. Ayniqsa, bemor bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan farzandlarimizga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlarining yana bir yorqin ifodasidir.
Yalpi majlisda sud hokimiyati, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga oid qonunlar ma’qullandi.
Sudga oid ma’qullangan ikkita qonundan birida sudlarning davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq va mustaqil ravishda faoliyat yuritishini ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, yana birida sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Shovqin bilan bog‘liq qonunda shovqinning zararli ta’siri uchun kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish nazarda tutilgan. Ovchilik bilan bog‘liq qonunda esa sohada yagona va shaffof huquqiy mexanizm yaratish, nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Korrupsiyaga oid qonunda pora bilan bog‘liq jinoyat uchun hukm qilingan shaxslar muddatidan ilgari ozod qilinishi taqiqlanishi belgilangan.
Yalpi majlisda joylardagi muammoli masalalarni Senat yalpi majlisi minbariga olib chiqib, ularni mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda hal etishga qaratilgan amaliyot izchil davom ettirilayotganiga e’tibor qaratildi.
– Xususan, o‘tgan yili ko‘tarilgan 11 ta va joriy yilda ko‘tarilgan 2 ta muammoli masala ko‘rib chiqilib, ularni ijobiy hal etish maqsadida tegishli choralar amalga oshirildi, - dedi Senat Raisi. – Ma’lumot uchun, 2025 - 2026-yillarda ko‘tarilgan jami 13 muammoli masalaning 6 tasi hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan ham tegishli ishlar davom etmoqda. Bu kabi masalalar yechimi ortida ko‘plab insonlarning manfaati va hududlarni rivojlantirish maqsadi mujassam. Shu nuqtai nazardan mazkur amaliyotni yanada faollashtirish zarur.
Yalpi majlislarda ko‘tarilgan ayrim masalalar hanuz o‘z yechimini kutayotgani aytib o‘tildi. Ularni ijobiy hal yetish, tez fursatda yakuniga yetkazish ma’sullarga eslatib o‘tildi.
Zero, xalq vakillari – senatorlar ko‘tarayotgan dolzarb masalalar yechimi xalqimiz manfaatlari samarali ta’minlanishi demak.
Yalpi majlisda ipakchilikni rivojlantirish, pilla yetishtirish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, ozuqa bazasini yaxshilash hamda eksport salohiyatini kengaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi.
Senatorlar Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitish asnosida banklarda kiberxavfsizlikni ta’minlash, moliyaviy xizmatlarda firibgarlikka qarshi kurashish zarurligini ta’kidladi. Majlisda Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi.
Shu bilan Senatning yalpi majlisi yakuniga yetdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XjXxmdiu6p4" title=" Senatda mas’ullardan xalqimiz kutayotganmasalalar echimi so`raldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Farhod Abdurasulov (surat),
Doniyor Yoqubov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA