Senatda bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlari topshirildi
Oliy Majlis Senatida Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan taqdirlangan bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat mukofotlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva topshirdi.
Mukofotlanganlar orasida davlat xizmatchilari, olimlar, pedagoglar, shifokorlar, sportchilar, madaniyat va san’at xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bor.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlat mukofotlari nafaqat yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissaning yuksak e’tirofi, balki har bir sohada sidqidildan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni yangi marralar sari ruhlantiruvchi muhim rag‘bat ekanini ta’kidladi.
Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida bunday yuksak e’tirofning ahamiyati yanada ortib, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi fidokorona mehnatning qadrlanayotganini ko‘rsatadi.

Taqdirlanganlar Prezidentimizning yuksak ishonchi va e’tibori uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotlarni o‘z mehnatlariga berilgan katta baho sifatida qabul qilishlarini ta’kidladi. Bundan buyon ham o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida munosib hissa qo‘shishlarini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA