Senatda atom bilan bog‘liq qonun ma’qullandi
Dunyo bo‘yicha elektr energiyasiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.
Dunyo bo‘yicha elektr energiyasiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 2030 yilga kelib 117 milliard kVT soatga yetadi.
Ta’kidlash lozimki, respublikamiz iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji energiyaning qayta tiklanmaydigan manbalaridan foydalanish hisobiga qoplanmoqda. Mamlakatimiz energiya manbai sifatida tabiiy gazga qaram. Chunki ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 85 foizi aynan tabiiy gaz orqali qoplanadi.
Vaholanki, mamlakatimizda uran xomashyosining ulkan zaxirasi mavjud. Shunday bo‘lsada amalda atom energetikasi salohiyati ishga solinmagan.
Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqish jarayonida shu haqda so‘z yuritildi.
Senatorlar mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus norma mavjud emasligi soha rivoji yo‘lida turli qiyinchiliklarni vujudga keltirayotganini qayd etdi.
Bugungi kunda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni qonun doirasida tartibga solish masalasi o‘ta muhim va dolzarb ekani aytib o‘tildi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.