Senat yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
ONLAYN
Bugun – 7 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etmoqda. Joylarda faoliyat yuritayotgan senatorlar va mas’ul shaxslar majlisda onlayn ishtirok etmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga 11 masala kiritilgan. Shundan 6 tasi qonun bo‘lib, ular orasida «Standartlashtirish to‘g‘risida», «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlar bor.
Ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Bu «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida», «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida», «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunlar asosida amalga oshiriladi.
Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari ko‘rib chiqiladi.
Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi.
Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama etiladi.
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari tahlil qilinadi.
Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida O‘zA rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi orqali sahifalari orqali tanishtirib boramiz.
Norgul Abduraimova, O‘zA