Senat Raisi Markaziy Osiyo mamlakatlari parlament a’zolari bilan uchrashdi
Buxoro shahrida o‘tayotgan xotin-qizlarning xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston parlamentlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, raqamli texnologiyalar va ekologik tashabbuslar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida mintaqada o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Turkmaniston Mejlisi Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport va tranzit sohasidagi aloqalar, chegaraoldi hududlardagi hamkorlikni rivojlantirish hamda xotin-qizlarni raqamli texnologiyalar sohasiga keng jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar zamonaviy texnologiyalar sharoitida ayollarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali ularning iqtisodiy faolligini kuchaytirish muhim ekanini qayd etdi.
Qozog‘iston Parlamenti Majilisi Raisi o‘rinbosari Daniya Yespayeva bilan uchrashuvda esa O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirish hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar barqaror taraqqiyot va mintaqaviy hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Raisining o‘rinbosari Jildiz Taalaybek qizi bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish hamda xotin-qizlar yetakchiligini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvlarda bugungi global taraqqiyot sharoitida xotin-qizlarning ta’lim, innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohalaridagi faolligini oshirish dolzarb vazifalardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, zamonaviy bilim va texnologiyalarga ega bo‘lgan ayollar jamiyat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
Senat Raisi xotin-qizlarning “yashil iqtisodiyot” va ekologik tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish masalalarida ayollarning faol ishtiroki kelajak avlod farovonligi uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuvlar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, parlament diplomatiyasini rivojlantirish va xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri