Senat Raisi: mahalliy kengashlar faoliyati sifat va samaradorlik jihatdan yangi bosqichga chiqadi
Yangi O‘zbekistonda xalq hokimiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish hamda davlat boshqaruvida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish islohotlarning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mahalliy kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha vakolatlari tobora kengayib bormoqda.
Senat yalpi majlisida ma’qullangan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva mazkur qonun Senat tashabbusi bilan ishlab chiqilganini qayd etdi.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi va e’tibori bilan bugun xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatida mutlaqo yangi davr boshlandi, - dedi T.Norboyeva. – Avvallari deputatlar bunday ishlamas edi, buni o‘zimiz ham yaqqol misollarda ko‘rishimiz mumkin. Hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining mahalliy darajada to‘la ta’minlangani, shubhasiz, mazkur yo‘nalishdagi eng muhim o‘zgarish bo‘ldi.
Mahalliy kengashlar faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini ro‘yobga chiqarishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qonun bilan joriy etilayotgan yangi normalar mahalliy kengashlar faoliyatini tashkiliy-institutsional, sifat va samaradorlik jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi.
Qonun bilan mahalliy vakillik organlari faoliyatida boshqaruvni tizimli tashkil etish va ijro hokimiyati ustidan parlament nazoratining hududiy shakllarini takomillashtirishga qaratilgan qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, xalq deputatlari mahalliy kengashlarida kengash raisi o‘rinbosari instituti joriy etilmoqda. E’tiborli jihati, ushbu lavozimdagi shaxs bir vaqtning o‘zida kengash kotibiyati mudiri vakolatlarini ham amalga oshiradi. Unga kotibiyat xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatining berilishi kengash apparatining mahalliy ijro hokimiyatidan to‘liq mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi.
Mahalliy kengashlar faoliyatining uzluksizligini ta’minlash, sessiyalar oralig‘ida ishlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida kengash rayosati tashkil etilmoqda. Rayosat tarkibiga kengash raisi, uning o‘rinbosari, doimiy komissiyalar raislari va siyosiy partiyalar guruhlari rahbarlari kiritilishi belgilanmoqda.
Ilk bor mahalliy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining deputatlar savollariga javoblarini eshitishga qaratilgan “Kengash soati” instituti joriy etilmoqda. Bunda deputatlar aholini qiynayotgan shoshilinch masalalar yuzasidan mutasaddilardan tezkor javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda ushbu masala rayosatda ko‘rib chiqilishi va keyinchalik sessiyada tasdiqlanishi mumkin.
Qonun mahalliy hokimiyat tizimida demokratik tiyib turish va muvozanat mexanizmlarini qaror toptirishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun mahalliy kengashlarning ijtimoiy mavqeini oshirish, hududiy muammolarni hal etishda vakillik nazoratining ta’sirchanligini kuchaytirish hamda davlat hokimiyati tizimida tiyib turish va muvozanat saqlash mexanizmini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA