Senat Raisi: Islohotlarning haqiqiy samarasi inson hayotida namoyon bo‘lishi kerak
Senat yalpi majlisida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar Prezidentimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat bilan uzviy bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi.
– O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik geografiyasi kengayib, mamlakatimiz uchun yangi iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik imkoniyatlar kengaymoqda, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Xususan, Koreya Respublikasiga davlat tashrifi hamda birinchi «Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi» sammiti hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyatlar ochdi. Savdo, investitsiya, zamonaviy texnologiyalar, ta’lim va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va hududlar taraqqiyotiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bu jarayonda yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, har qanday kelishuvning haqiqiy samarasi uning qog‘ozda qayd etilganida emas, balki hayotga qanchalik samarali tatbiq etilganida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, parlamentlar zimmasiga ham muhim vazifalar yuklanmoqda. Avvalo, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlikni yanada faollashtirish, tegishli qo‘mitalar va parlamentlararo guruhlarning amaliy ishtirokini kuchaytirish zarur.
Parlamentlararo muloqotlar qonunchilik tajribasini o‘rganish, hamkorlik loyihalariga huquqiy ko‘mak berish, ularni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va yechim topishning samarali mexanizmiga aylanayotgani aytib o‘tildi.
Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumida ham hamkorlikning yangi formatiga asos solindi. Ilk bor O‘zbekistonning xalq deputatlari mahalliy kengashlari hamda Belarusning mahalliy deputatlar sovetlari raislari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Bu formatning ahamiyati shundaki, davlat rahbarlari va hukumatlar darajasida kelishilgan loyihalar bevosita hududlarda amalga oshiriladi. Ularning natijasi yangi ishlab chiqarish quvvatlari, ish o‘rinlari va aholi daromadlarida namoyon bo‘ladi.
Bu borada Senat mahalliy kengashlarga amaliy va uslubiy ko‘mak berishi, ularning nazorat va tahlil faoliyati sifatini oshirishga e’tibor qaratishi zarurligi qayd etildi.
“Prezidentimiz yangi tashabbuslarni ilgari surish bilan birga, ularning joylardagi ijrosini o‘rganib, kamchiliklarni ochiq muhokama qilmoqda va mas’ullar oldiga aniq talablar qo‘ymoqda. Biz ham o‘z faoliyatimizga ana shunday talabchanlik bilan yondashishimiz lozim. Qonunlarni ko‘rib chiqishda ularning amaliy ijrosini ta’minlaydigan mexanizmlarni puxta tahlil qilish kerak. Qonunning fuqaro va tadbirkorga ta’siri, hududlarda qo‘llanish imkoniyati, zarur resurslar va mas’uliyat masalalari aniq bo‘lishi zarur. Xotin-qizlar, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning imkoniyatlarini kengaytirish ham doimo e’tiborimizda bo‘lishi shart. Zero, islohotlarning haqiqiy samarasi, avvalo, inson hayotida namoyon bo‘lishi juda muhim. Shuning uchun biz uchun asosiy mezon – qancha tadbir o‘tkazilgani emas, balki qanday muammo hal etilgani va odamlarga qanday naf keltirilganidir”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA