Senat: odil sudlov sifati xalqaro standartlar darajasiga ko‘tariladi
Senat yalpi majlisida “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abluhakim Eshmurodov qonunning asosiy maqsadi – sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish ekanini ta’kidladi. Sudlarning davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq va mustaqil ravishda faoliyat yuritishi ta’minlanadi.

Sudlarni moliyalashtirish faqat davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi va byudjet loyihasini tayyorlashda sudlarning mustaqil ishtiroki qat’iy belgilanmoqda.
Byudjet kodeksida mamlakatda iqtisodiy vaziyat yoki byudjet taqchilligi ortishidan qat’i nazar, sudlar faoliyati uchun ajratiladigan mablag‘larni qisqartirish taqiqlanadi. Navbatdagi yil uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmi o‘tgan yildagidan kam bo‘lmasligi kafolatlanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi ajratilgan mablag‘larni o‘zlari mustaqil ravishda tasarruf etadi, quyi sudlar tizimi bo‘yicha esa buni Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti amalga oshiradi.

“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq endilikda har bir sud alohida bino, qo‘riqlash tizimi va avtotransport bilan ta’minl anadi. Senatorlar ma’qullagan qonun sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning va sud apparati xodimlarining moddiy va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash hamda yurtimizda odil sudlov sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishga xizmat q iladi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA