Senat: eksterritorial sudlov tartibi joriy etiladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili tadbirkorlar va fuqarolar huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda sud tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish zarurligini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Xususan, sud amaliyotini birxillashtirish, sudlar boshqaruvi tizimini soddalashtirish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Shu bois, qonun bilan Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Eksterritorial sudlov tartibining joriy etilishi asosiy yangiliklardan biri hisoblanadi. Endilikda fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlari istagan tegishli sudga murojaat qilishi uchun imkoniyat yaratiladi. Ma’muriy sudlarda “dastlabki eshituv” instituti kiritilmoqda, bu esa ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshiradi.
Qonunda davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, davlat organi mansabdor shaxsining sud majlisida ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi mustahkamlanmoqda, ya’ni davlat organining xatosi uchun javobgar tadbirkor emas, balki o‘sha organ bo‘lishini anglatadi.

Iqtisodiy sudlar tizimi ham maqbullashtirilib, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari o‘rniga tumanlararo iqtisodiy sudlar tashkil etilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun investitsiya muhitini yaxshilash, korrupsiyaviy omillarni kamaytirish va inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA