Seminarda bilim va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unlashdi
Mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va sohaga ilmiy yutuqlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam yangilab borish tarmoq samaradorligini oshirishda muhim omillardan biri sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida sun’iy urug‘lantirish (texnik-osemenatorlik) bo‘yicha o‘n kunlik malaka oshirish seminari tashkil etildi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan texnik-osemenatorlar ishtirok etdi. O‘quv dasturi veterinariya, reproduktiv biotexnologiya va naslchilik sohasidagi zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida shakllantirilib, nazariy mashg‘ulotlar amaliy darslar bilan uyg‘unlashtirildi. Tinglovchilar urug‘lik materialining morfologik ko‘rsatkichlari va harakatchanligini baholash, biomateriallarni tayyorlash va saqlash texnologiyalari, kriokonservatsiya usullari, sun’iy urug‘lantirishda qo‘llaniladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ishlash hamda reproduktiv jarayonlarni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladilar.
Mashg‘ulotlarga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Samarqand shahridagi Veterinariya mutaxassislarining malakasini oshirish instituti hamda filialning tajribali professor-o‘qituvchilari jalb etildi. Seminar davomida nazariya va amaliyotning uyg‘unligi ishtirokchilarga har bir texnologiyani ish jarayonida qo‘llash, amaliy tajribani mustahkamlash va zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Bu boradagi mashg‘ulotlar ishtirokchilarning sohaga oid amaliy bilimlarini yanada boyitdi.
O‘n kun davom etgan tadbir yakunida malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan texnik-osemenatorga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Endi ular seminar davomida egallagan bilim va amaliy ko‘nikmalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridagi chorvachilik xo‘jaliklarida amaliyotga tatbiq etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri