Sel, soy va yomg‘ir suvlarini yig‘uvchi sun’iy suv havzalari nimasi bilan muhim?
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi ta’sirida tog‘ muzliklarining qisqarishi, yog‘inlarning notekis taqsimlanishi, qurg‘oqchilik davrlarining ortishi va ko‘plab hududlarda sel-toshqin hodisalarining ko‘payishi kuzatildi. Shu bois mamlakatimizda suv resurslarini tejash, mavjud suv manbalaridan oqilona foydalanish va sel hamda yomg‘ir suvlarini to‘plashga qaratilgan samarali yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
Joriy yil 25-may kuni qabul qilingan «Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ayni yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etishda muhim asos bo‘lmoqda.
Hujjatga ko‘ra, sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Jumladan, 2027 yildan boshlab respublika hududlarida 5 ta sel-suv omborlarini qurish, shuning hisobiga Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash nazarda tutilgan.
Bu borada Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish belgilandi.
Bugungi kunda Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar hokimliklari, tegishli bank hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida ilmiy tavsiya va xulosalar asosida respublika bo‘yicha kichik suv zaxiralarini barpo qilish imkoniyati mavjud 60 ta hudud aniqlangan.
Qaror bilan 2027–2030-yillarda quriladigan sel-suv omborlarining manzilli dasturi tasdiqlandi.
Yana bir muhim jihat, sel-suv ombori va uning inshootlari, karerlar va qurilish maydoniga tushgan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladi. Bunda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi “Tangatopdisoy” va Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Oqsoqotasoy” sel-suv omborlari qurilishini “Agrobank” ATB buyurtmachiligida ishlab chiqilgan loyihaoldi hujjatlariga muvofiq davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish choralari ko‘riladi. Qurilgan sel-suv omborlari Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi foydalanuvchi tashkilotlar balansiga beg‘araz topshiriladi.
Sel-suv omborlari xususiy sherik hisobidan qurilishi nazarda tutilgan bo‘lib, buning uchun sel-suv omborlari himoya zonalarida belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja asosida turistik-rekreatsion zonalari tashkil etiladi.
Ushbu hududlar 49 yilga keyinchalik uzaytirish sharti bilan foydalanish uchun to‘lovsiz asosda beriladi.
Sel-suv omborlari suv havzasida baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish hamda inshootlar xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan boshqa daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.
Darhaqiqat, bu suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish ko‘lamini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu hududlarda bahor-yoz mavsumidagi sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish imkonini kengaytiradi.
Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan edi. Unda Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatining tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel xavfi yuqori ekani qayd etildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali har yili 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Ushbu suvlardan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati mavjud.
Yig‘ilishda sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni integral yondashuv asosida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bugungi sharoitda mavsumiy sel va yomg‘ir suvlarini yig‘ish orqali kichik suv zaxiralarini barpo etish muhim yechimlardan biri hisoblanadi.
Shu o‘rinda “sel, soy va yomg‘ir suvlarini yig‘ish maqsadida tashkil etiladigan sun’iy suv havzalari qanday imkon yaratadi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu avvalo sug‘orish uchun qo‘shimcha suv zaxirasi bo‘ladi, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilaydi, sel xavfini kamaytirib, yer osti suvlarini to‘ldiradi. Yana bir jihat – kichik gidroenergetikani rivojlantirish imkonini beradi.
Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Toshkent, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida kichik suv zaxiralarini barpo etish mumkin bo‘lgan hududlar aniqlangan. Jumladan, tadqiqotlarda Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Zarkentsoyda 4,45 mln. m³ hajmli kichik suv havzasi barpo etish orqali 2500 gektar yerni sug‘orish imkoniyati aniqlangan.
Shuningdek, Oqsoqotasoyda 7,63 million. m³ hajmli suv havzasi tashkil qilish va 2400 gektar maydonni suv bilan ta’minlash imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, zamonaviy GIS va raqamli geoaxborot texnologiyalari asosida suv yig‘ish maydonlari, relef va sel oqimlarini tahlil qilish orqali yangi suv zaxiralarini aniqlash ishlari samarali amalga oshirilmoqda. ArcGIS, QGIS va Google Earth Pro dasturlari yordamida suv omborlarining hajmi, suv yig‘ish imkoniyati va xavfsizlik parametrlari baholanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, global iqlim o‘zgarishi sharoitida bu kabi yondashuvlar ekologik barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nodirbek XUDOYBERDIEV,
Suv xo‘jaligi ob’ektlarini
ekspluatatsiya qilish agentligi
boshqarma boshlig‘i.
O‘zA