Sektor rahbari yoshlar bilan uchrashdi
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Azamat Bozorov Shahrisabz tumani yoshlari bilan uchrashdi.
Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Azamat Bozorov Shahrisabz tumani yoshlari bilan uchrashdi. Maqsad tuman yoshlarini qiynab kelayotgan muammolar bilan yaqindan tanishib, ularga yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir avvalida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, navqiron avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida so‘z yuritildi.
Bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik uchun kredit ajratish, chekka qishloqlarda sport inshootlarini qurishva boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan yoshlar murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat uchun mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shahrisabz tumanidagi Mo‘minobod qishlog‘i, “Mevazor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yosh tadbirkor Kamron Mahmudov qishloq markazida qurayotgan mini futbol maydoniga sun’iy qoplama olishi uchun kredit ajratilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Umazkur joyda sun’iy qoplamali mini futbol maydoni bilan birga, kelgusida kutubxona, yoshlar mehnat guzari qurishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
– Men bugungi uchrashuvda qatnashganimdan xursandman, — deydi yosh tadbirkor Kamron Mahmudov. – Viloyat 4-sektor ishchi guruhi a’zolari amalga oshirayotgan ishlarimni joyida kelib ko‘rgach, murojaatim yuzasidan amaliy yordam berish uchun tegishli tashkilot vakillariga topshiriq berdi.
Tumanning “Qutchi” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Marjona Ro‘zieva vaqtincha ishsiz. Lekin qo‘lida gulday hunari bor. Tikuvchilikni yaxshi biladi. Tikuv mashinasi olib, faoliyat yuritishiga oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydi.Uchrashuvda Marjona Ro‘zievaga homiylik asosida zamonaviy tikuv mashinasi olib beriladigan bo‘ldi.
Uchrashuvda shu kabi murojaatlar, taklif va tashabbuslar bo‘yicha tegishli mutasaddilar zimmasiga vazifalar yuklandi.