Scopus ko‘rsatkichlari: O‘zbekiston oliygohlarining ilmiy salohiyati qanday baholandi?
Oliy ta’lim muassasasining nufuzi faqat ta’lim sifati yoki bitiruvchilar soni bilan emas, balki uning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasi, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tadqiqotlari va ilmiy natijalarining ta’siri bilan ham belgilanadi.
Bugungi kunda xalqaro ilmiy bazalarda chop etilayotgan maqolalar va ularga bildirilayotgan iqtiboslar universitetlarning ilmiy salohiyatini baholashda muhim mezonlardan biriga aylangan.
Milliy reyting doirasida 2025-yilda Scopus xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasi asosida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining ilmiy nashrlar faolligi va xalqaro iqtibos ta’siri tahlil qilindi. Unda oliygohlarning natijalari nafaqat nashrlar soni, balki ilmiy ishlarning sifati va xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi ta’siri nuqtai nazaridan ham baholandi.

Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tahlil natijalari oliy ta’lim muassasalarining toifalari kesimida ilmiy nashrlar faolligi bir-biridan farq qilishini ko‘rsatdi. Jumladan, har 100 nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan ilmiy nashrlar soni TOP–1000 taligiga kirgan universitetlarda 71,4 tani tashkil etdi. Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi oliygohlarda bu ko‘rsatkich 37,5 ta, amaliy oliy ta’lim muassasalarida 33,2 ta, tibbiyot oliygohlarida 20,5 taga teng bo‘ldi. Ijod va sport yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida esa har 100 nafar professor-o‘qituvchi hisobiga 1,3 ta ilmiy nashr to‘g‘ri keldi.
Ushbu raqamlar oliy ta’lim muassasalarida ilmiy faollik darajasini qiyosiy baholash imkonini beradi. Ayniqsa, TOP–1000 ga kirgan universitetlardagi ko‘rsatkichning yuqoriligi ularning xalqaro ilmiy maydondagi faoliyatini tahlil qilishda e’tiborga molik natija hisoblanadi. Shu bilan birga, ilmiy salohiyatni faqat maqolalar soni bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Tadqiqotlarning dolzarbligi, ilmiy yangiligi, sifati va ularning xalqaro miqyosdagi ta’siri ham muhim ahamiyatga ega.

Milliy reyting doirasida har bir oliy ta’lim tashkilotining natijalari tegishli ko‘rsatkichlar asosida umumlashtirilib, ballarda ifodalandi. Tayyorlangan infografikalarda oliygohlarning o‘z toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va to‘plagan ballari aks ettirildi. Bunday yondashuv oliy ta’lim muassasalarining natijalarini o‘zaro taqqoslash, ilmiy faoliyatdagi yutuqlarni aniqlash va rivojlantirish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qiladi. Xalqaro ilmiy bazalarda indekslanadigan nashrlar sonini ko‘paytirish, tadqiqotlar sifatini oshirish va ularning xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi ta’sirini kuchaytirish oliy ta’lim tizimi oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Shu ma’noda, Scopus ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan tahlil oliygohlarning ilmiy faoliyatini baholash bilan birga, mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va universitetlarning global ilmiy maydondagi raqobatbardoshligini oshirish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA