Sayyor uchrashuvlarda muammolar hal bo‘lmoqda
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari tomonidan hududlarda oziq-ovqat ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar muammolarini o‘rganishga qaratilgan sayyor uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Kogon tumanidagi “Parravshantrans” MCHJ parrandachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan korxona mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham aynan muammolarning ijobiy yechimiga e’tibor qaratildi.

Bojxona xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvlarda tadbirkor korxona faoliyatini kengaytirish maqsadida uzoq muddatli kredit olishga ehtiyoji borligini ma’lum qilgan. Uning murojaati tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi va qisqa fursatda ijobiy yechim topdi.
Parrandachilik mahsulotlari yetishtirish bilan boshlangan tadbirkorlik faoliyati, endilikda sut mahsulotlari ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan yanada kengaydi. Buning natijasida esa, yuzga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Dastlab kichik hajmda faoliyat boshlagan korxona parranda va chorva mollari sonini ko‘paytirish maqsadida Xalq bankidan 12 milliard 300 million so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak olgan. Bu ko‘mak orqali korxonaning faoliyati kengaydi va chorvachilik va oziq-ovqat sanoati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Hozirda korxonaning yillik daromadi 5,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Ishlab chiqarish jarayoni zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil qilinganligi sabab, mahsulotlarning sifati talabga javob beradi.
Bojxona organi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda endilikda mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashilib, muhim tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri