Sayyor qabul va samarali natija
Buxoro viloyati Kogon shahrida O‘zLiDeP partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Qabulda partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi vakillari, viloyat va shahar Kengashi mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari, hokimlik hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida hududdagi bir qator mahallalar fuqarolari tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar diqqat bilan tinglandi. Ayniqsa, mahalla faollari, tadbirkorlar, pedagoglar, yoshlar va nuroniylarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan har bir masalaga mas’ullar tomonidan huquqiy va amaliy jihatdan asosli javoblar berildi.

Sayyor qabul jarayonida markaziy ko‘chalarda transport harakatini tartibga solish, aholini tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun muddatli harbiy xizmat to‘lovlarida yengilliklar yaratish, yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirish kabi muhim masalalar yuzasidan o‘ndan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Ularning aksar qismi shu joyning o‘zida hal etildi.

Jumladan, “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini nuroniysi Axtam ota Sa’dullayevning sihatgohga yo‘llanma ajratish haqidagi murojaati ijobiy hal etildi. Bu esa keksalarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasidir.

Qabulda ishtirok etgan “Mirzo Ulug‘bek” mahallasida istiqomat qiluvchi Saodat aya Hayitova mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlardan mamnun ekanini bildirib, mazkur sayyor qabulni xalqparvar siyosatning yorqin ifodasi sifatida baholadi.

Bunday sayyor qabullar aholi muammolarini eshitish, ularga tezkor yechim topish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, inson manfaati va xalq roziligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar hayotda o‘z ifodasini topayotganini yana bir bor namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.