Sayyohlik izchil rivojlanmoqda
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon ham kundan-kun chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Xizmat ko‘rsatish obyektlari va mehmonxonalar xizmati yuksalmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar soha faoliyatini yanada takomillashtirish, yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ichki va ekoturizmni kengaytirishda yuksak samaralar bermoqda.Buni Andijon viloyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Sayyohlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va turoperatorlar hamda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi viloyat vakilligi mamlakatimiz va xorijdagi 50 dan ortiq sayyohlik korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Ushbu hujjat ijrosi doirasida turizm va turistik xizmatlar eksportini kengaytirish, turizm va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy turistik xizmatlarni ichki va xalqaro sayyohlik bozorlariga taklif etish, sayyohlik obyektlarini ta’mirlash, obodonlashtirish, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish tizimlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Andijon viloyati bo‘yicha vakili Abdulhamid Nurmatov. – Sayohat korxonalari tomonidan veb-saytlar orqali xorijiy turistik tashkilotlarga viloyatning sayyohlik imkoniyatlari tavsiya etilib, qadim va boy tariximizni o‘zida mujassam etgan go‘shalar, o‘ziga xos madaniy yodgorliklar, go‘zal va betakror tabiat qo‘ynida joylashgan so‘lim dam olish maskanlari hamda sayyohlik mahsulotlari haqida rus va ingliz tillarida ma’lumotlar berib borilmoqda. Sayyohlik obyektlari haqida qo‘llanma va bukletlar tarqatilmoqda.
Viloyatda 400 ga yaqin sayyohlik obyekti mavjud bo‘lib, ularning aksariyati xalqimiz tarixini o‘zida mujassam etgan muzeylar, tarixiy obida va yodgorliklar, bahavo va xushmanzara dam olish maskanlari, muqaddas ziyoratgohlardir. Bu obyektlarning 22 tasi bo‘yicha turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilgan.
Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq, Xonoboddagi Xontog‘ dam olish maskanlari, Andijon shahridagi Mirpo‘stin ota, Jalaquduq tumanidagi Sarvontepa, Xo‘jaobod tumanidagi Imom ota, Baliqchi tumanidagi Uchbuloq, Tuzluq momo, Marhamat tumanidagi Mingtepa kabi arxeologik yodgorliklar sayohatchilarga manzur bo‘lmoqda.
Sayyohlar va dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatish sifati ham tobora yuksalmoqda. Ziyoratgoh va dam olish maskanlari obodonlashtirilib, ko‘rkam qiyofa kasb etayotir.
Viloyat O‘lkashunoslik, Adabiyot va san’at muzeylari ham sayyohlar e’tiboridagi yo‘nalishlardandir. Andijonning qadim tarixidan hikoya qiluvchi viloyat Adabiyot va san’at muzeyida 20 mingdan ziyod osori-atiqa, turli hujjat va qo‘lyozmalar saqlanmoqda.
– Muzeyimizga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy mehmonlar ham tez-tez kelib turadi, – deydi viloyat Adabiyot va san’at muzeyi rahbari o‘rinbosari Dilshodbek Yusupov. – Ularni ayniqsa Jome’, Xojar Noib (Ark ichi) madrasalari, Qal’a me’moriy yodgorligi, Tasviriy san’at galereyasidagi noyob eksponatlarning tarixi, saqlanish holati va o‘sha davrlarga oid hujjatlar ko‘rpoq qiziqtiradi. Bu bizga faxr bag‘ishlash bilan birga katta mas’uliyat ham yuklaydi, muzey faoliyatini yanada takomillashtirishga undaydi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon ham kundan-kun chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Xizmat ko‘rsatish obyektlari va mehmonxonalar xizmati yuksalmoqda. Andijon shahrining o‘zida “Andijon elita”, “Vella Elegant”, “Bogishamol”, “Royal”, “Andijon”, “Hamkor” singari 20 ga yaqin zamonaviy mehmonxona sayyohlarga yuksak darajada xizmat ko‘rsatmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirish va qishloq joylarda servis xizmatini yanada yaxshilash, qo‘shimcha turistik yo‘nalishlar tashkil etish ham doimiy e’tibordagi masaladir. Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida ekoturizm, Ulug‘nor tumanidagi baliqchilik xo‘jaligi hududida “Baliq ovi”, Jalaquduq tumanida “Termal suv”, Xo‘jaobod va Shahrixon tumanlaridagi shifobaxsh qumlarda “Sog‘lomlashtirish turizmi” yo‘nalishlarini ochish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Go‘zal va xushmanzara tabiati, mehmondo‘st odamlari, o‘ziga xos urf-odat va taomlari, hunarmandlik mahsulotlari bilan mashhur Andijon dunyoning turli mamlakatlaridan sayyohlarni o‘ziga chorlayveradi.