Sayyohlarni sogʻingan Boysunda bahor...
Purviqor togʻlar bagʻridagi Boysun Surxondaryo viloyatining xushmanzara, soʻlim goʻshalaridan biri sifatida dunyoga tanilgan.
Purviqor togʻlar bagʻridagi Boysun Surxondaryo viloyatining xushmanzara, soʻlim goʻshalaridan biri sifatida dunyoga tanilgan.
Turfa goʻzalliklarga boy hududning betakror tabiati, xilma-xil noyob oʻsimliklari, siru-sinoatga toʻla togʻlari har qanday kishini oʻziga maftun etadi. Ayniqsa, bahor faslida Boysunning turfa ranglarda tovlanuvchi tabiat liboslari barchaga birdek quvonch ulashib, ruhini tetiklashtiradi. Sayyohlarga oʻzgacha halovat, maftunkorlik bagʻishlaydi. Turli sayroqi qushlar xonishi, togʻu-toshlardan oʻynoqlab tushayotgan zilol suvlarning mayin oqishi, turfa giyoh va gullarning tovlanishidan zavqu-shavq olib, tanangiz sokin yayrayotganidan beixtiyor miriqasiz.
Jannatmonand yurtimizga koʻklam oʻz sepini yoygan shu kunlarda goʻzalikka burkangan Boysun ham sayyohlar sogʻinchi bilan yashamoqda. Siru-sinoatga toʻla goʻshada sayru-sayohat qilish uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
– Joriy yildan boshlab vohadagi yagona Boysun turizm kolleji ilk oʻquvchilarini qabul qilib, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasining Boysun tumanidagi masʼul xodimi N.Pardayev. – Shuningdek, turistlarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida mehmonxona va mehmon uylari barpo etishga, sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan boshqa shoxobchalar qurishga alohida ahamiyat berilmoqda. “Boysun“ kichik turizm zonasida zamonaviy sayyohlik turlarini ochish uchun yaqin kelajakda Omonxona ziyoratgohi va shifobaxsh suv bulogʻi, Zovboshi qishlogʻi hududida yangi ekositi qurilishini boshlash rejalashtirilgan. Xorijlik hamkorlar ishtirokida ruyobga chiqariladigan mazkur loyiha sayyohlarning soʻlim tabiat qoʻynidagi zamonaviy taraqqiyot ufurib turgan joylarda miriqib hordiq chiqarishiga qulay muhit, keng imkoniyat yaratadi.
Borliq koʻklam bilan yana-da koʻrkam boʻlgan shu kunlarda siz ham Boysunni sogʻingan boʻlsangiz, marhamat goʻzal tabiat manzaralaridan bahramand boʻlib, zavqu-shavq oling. Faqat karantin qoidalariga qatiy amal qilib, uyda qoling.