Sayr qilmoqchi bo‘lsangiz, “Soy bo‘yi” ga keling
Ob-havoning ifloslanishi aholini xavotirga solgani bor gap. Bu haqdagi axborot ochiqlangach, joylarda obodonchilikka, yangi bog‘ va saylgohlar yaratishga e’tibor berildi. Shunday ishlarning biri qadimiy, ko‘hna Marg‘ilonda amalga oshdi. Shahar ichi va atrofidan “Marg‘ilonsoy” oqib o‘tar edi. To‘g‘ri, uning ikki chetida choyxonalar bisyor. Ammo ochiq, obod saylgoh tashkil qilinmagan edi.
Marg‘ilon shahar Yovqochar mahallasi hududida joylashgan Soy bo‘yi ko‘chasi bugun mutlaqo yangi, zamonaviy va ko‘rkam qiyofaga ega maskanga aylandi.




Ko‘chaga to‘liq beton yotqizilib, keng ko‘lamli obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Soy qirg‘oqlari mustahkam temir to‘siqlar bilan jihozlanib, hududga o‘ziga xos fayz bag‘ishlovchi dekorativ yoritgichlar va qulay o‘rindiqlar o‘rnatildi. Bularning barchasi aholi uchun xavfsiz, qulay va estetik muhit yaratishga xizmat qilmoqda. U nuroniylar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda ochildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari xalq farovonligi va shaharning yanada obod bo‘lishiga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.




Aholining madaniy hordiq chiqarishi, toza havoda sayr qilishi hamda sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish maqsadida barpo etilgan ushbu ko‘cha bugun yuz-ko‘zida quvonch va mamnuniyat aks etgan marg‘ilonliklar bilan yanada fayzli tus olmoqda. Bu maskan endi nafaqat oddiy ko‘cha, balki shahar ahlining sevimli dam olish, sayr qilish joyi bo‘lib qoladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA