Sayohatdan maqsad o‘qishga havas uyg‘otish
Buxoro shahridagi 32-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun Buxoro davlat universitetiga sayohat uyushtirildi.
BuxDU rektori tashabbusi bilan “Filologiya”, “Jismoniy madaniyat” va “San’atshunoslik” fakultetlari tomonidan tashkil etilgan tadbir tarbiyalanuvchilarning iste’dod va qobiliyatlarini rivojlantirish, kasbga yo‘naltirish uchun ularning qiziqishlarini aniqlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari dastavval oliy ta’lim muassasasi haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishi uchun universitet muzeyi bilan tanishdi. Tarbiyalanuvchilarga BuxDUning tarixi, talabalar va pedagog-xodimlar erishgan yutuqlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Axborot resurs markazidagi kitoblar bilan tanishish asnosida tarbiyalanuvchilar va “Filologiya” fakulteti talabalari o‘rtasida qizg‘in mushoira bo‘lib o‘tdi. “Jismoniy madaniyat” fakulteti tomonidan tashkil etilgan shaxmat va shashka o‘yinlarida o‘quvchilar faol qatnashdi. Uyin yakunlangach, ushbu binoning ikkinchi qavatida joylashgan “Islohotlar xalq uchun” markazida shaxmat va shashka musobaqasi g‘oliblari kitoblar majmuasi va sport anjomlaridan iborat esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Keyingi manzil Talabalar turar joyi bo‘ldi. Barcha sharoitlarga ega universitet yotoqxonasi va uning binosida tashkil etilgan “Besh tashabbus” markazi tarbiyalanuvchilarning hayrati va havasiga sabab bo‘ldi.
BuxDUning faollar zalida “San’atshunoslik” fakulteti talabalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Zarif Komilov, O‘zA