Saylovga tayyorgarlik holati o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyeva Quyichirchiq tumanida joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik holati bilan tanishdi.
Xususan, «Chaqmoq», «Xo‘ja», «Oydinobod» hamda «Paxtachi» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan maktablardagi saylov uchastkalarida saylovga tayyorgarlik holatlari o‘rganildi.
Deputat tomonidan bu jarayonda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Masalan, ishchi guruh a’zolarining biriktirilgan ko‘chalar bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuvlar bayonnomalari mavjud emas, talab etiladigan boshqa hujjatlar ham to‘liq emasligi aniqlandi.

Bundan tashqari, deputat Z.Shodiyeva saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar faoliyati bilan ham tanishdi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirishlar olib borilib, kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zA