Saylovchilar partiyalar dasturini o‘rganmoqda
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Adolat har bir inson uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Adolat har bir inson uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan viloyat qozoq milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, xalq deputatlari viloyat, tuman kengashi deputatlari, deputatlikka nomzodlar, qozoq milliy madaniy markazi mas’ullari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tarixdan ma’lumki, o‘zbek va qozoq xalqi azaldan yaqin qo‘shni sifatida tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Qardosh bu ikki xalqning tarixi, tili, urf-odat, an’ana va qadriyatlari bir-biriga juda o‘xshash.
Vaqt sinovidan o‘tgan ushbu do‘stlik rishtalari so‘nggi yillarda yanada mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Qozog‘iston Respublikasida 2018 yil O‘zbekiston yili, deb, o‘z navbatida 2019 yil mamlakatimizda Qozog‘iston yili, deb e’lon qilindi. Bu azaliy ikki qo‘shni, qardosh xalqlarning bir-biriga bo‘lgan hurmat-ehtiromi ramzidir.
Mamlakatimizda Qozog‘iston yili doirasidagi tadbirlar san’at, fan, ta’lim va tadbirkorlik sohasi vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ushbu sa’y-harakatilar o‘zaro madaniyatlarimizni boyitish, xalqlarimizni yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 22 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hamda mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish va unda siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda partiya saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan asosiy g‘oya va maqsadlar, muhim yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, viloyatda istiqomat qilayotgan qozoq millatiga mansub saylovchilar saylovda faol ishtirok etish va o‘zlari lozim deb bilgan nomzodga ovoz berishga chaqirildi.
Tadbirda partiya dasturidan o‘rin olgan sog‘liqni saqlash tizimiga “aqlli tibbiyot” tizimini joriy etish, sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori-darmon vositalarining oldini olish, dorilar narxidagi tafovutni yo‘qotish taklifi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjumanda shuningdek, partiya tomonidan oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bekor qilish, shartnoma bo‘yicha o‘qish imkoniga ega bo‘lgan yoshlarni oliy o‘quv muassasalariga kirish imtihonlarisiz qabul qilish, sud tizimini yanada takomillashtirish, sohada ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, aholining iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish, mehnat va bandlik, daromadlarning adolatli taqsimlanishi, ijtimoiy xavfsizlik va mehnat muhofazasi kabi maqsadlarni amalga oshirishga e’tibor qaratilayotgani alohida qayd etildi.