Saylovchilar muammolari nazoratga olindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Nazir Sabirov Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida o‘z saylovchilari bilan uchrashdi.
“Yangi-qala” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raisi Ganchi Xo‘jayqulov, hokim yordamchisi Ulug‘bek Hasanov, 49- umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Anamsulton Hotamova bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida hududda amalga oshirilayotgan ishlar, kam ta’minlangan fuqarolarga ajratilgan kreditlar hamda ularning so‘ndirilishi, mahallada tashkil etilgan “Temir”, “Ayollar”, “Yoshlar” daftarlariga ro‘yxatga olish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan hokim yordamchisiga yaratilgan sharoit, uning faoliyati, ish bilan band bo‘lmagan yoshlarga subsidiya ajratilishi, uyushmagan yoshlarni o‘zini-o‘zi band qilishi uchun yer ajratish va boshqa o‘z yechimini kutayotgan muammolar o‘rganildi.

Mahalla hududidagi 1 ming 254 ta xo‘jalikda 6 ming 260 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi elektr energiyasi tizimi va simyog‘och ustunlari ma’naviy jihatdan eskirganligi sababli xalq tili bilan aytganda “svet” tez-tez o‘chadi. Boz ustiga, mahalla hududida tok kuchlanishi nihoyatda past ekanligi qayd etildi. Bundan tashqari, mahallada 165 nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar bo‘lsa-da, shu paytgacha ushbu hududda birorta maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilmagan.

Deputat o‘rganishlar natijalarini tanqidiy tahlil qildi. “Inson qadri uchun” g‘oyasini amalga oshirish, islohotlar natijalari har bir oilada, har bir inson hayotida sezilishi uchun “mahallabay” ishlashning yangi tizimini samarali amalga oshirishdagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha sektorlar kesimida aniq vazifalar, muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Zarif Komilov, O‘zA