Saylov uchastkalarida ish qizg‘in
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada ochiq, oshkora o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Viloyatda muhim siyosiy jarayonni Saylov kodeksiga muvofiq tashkil etish va o‘tkazish uchun 860 ta saylov uchastkasi tuzilib, uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi. Pandemiya sharoitida karantin talablariga rioya etilgan holda komissiya a’zolari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etilib, bilim va ko‘nikmalari oshirilmoqda.
– Milliy qonunchiligimizda belgilanganidek, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, muassasa, korxona, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga hududda obro‘-e’tiborga ega nomzodlarni tavsiya etdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi S.Sattorov. – Ular xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari sessiyasida muhokama qilinib, tasdiqlash uchun okrug saylov komissiyasiga taqdim etildi. Nomzodlar saylov kodeksi doirasida ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi. Shu kunlarda barcha uchastka saylov komissiyalari joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Ularning faoliyatini muvofiqlashtirishga yaqindan ko‘maklashyapmiz.
Okrug saylov komissiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, uchastka saylov komissiyalarida 10 ming 449 a’zo faoliyat yuritmoqda. Ularning 6 ming 772 nafari ilgari ham saylovlarda ishtirok etib, yetarli tajriba to‘plagan turli soha vakillaridir.
Termiz shahridagi 269- saylov uchastkasi muhtasham «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasi binosida joylashgan. Saylov kuni bu yerda Mehriobod mahallasi fuqarolari o‘z xohish irodasini erkin ifoda etadi. Ayni paytda komissiya a’zolari saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha qulayliklarni yaratmoqda.
–Komissiyamiz tarkibi 11 kishidan iborat, – deydi 269-uchastka saylov komissiyasi raisi Nasiba Xushshiyeva. – Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni qonunchiligimizda belgilangan mezonlar asosida o‘tkazish uchun kalendar ish reja tuzib oldik. Navbatchilar ro‘yxatini shakllantirdik. Endilikda yagona elektron ro‘yxat asosida uyma-uy yurib, saylovchilarimizni qayta xatlovdan o‘tkazishni boshlaymiz. Xullas, uchastkamizda saylovni ochiq, oshkora o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Buning uchun uchastkamiz Saylov kodeksida belgilanganidek jihozlanmoqda.
Joriy yilning 24 oktyabr kuni Denov tumani aholisi 117 saylov uchastkasida ovoz beradi. Buning uchun uchastka saylov komissiyalariga 1 ming 587 nafar a’zo jalb etilgan. Ularning 1 ming 266 nafari avvalgi saylovlarda ham ishtirok etgan.
651-saylov uchastkasi Qorabog‘tepa mahallasidagi 41-umumta’lim maktabida faoliyat yuritmoqda. Saylov kuni bu uchastkada 1 ming 750 nafar saylovchi o‘z xohish-irodasini emin-erkin ifoda etishi kutilyapti.
–Mamlakatimizda Prezident saylovi ilk marta Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilmoqda,–deydi 651- uchastka saylov komissiyasi raisi Lola Rahmonova.–Bunday mas’uliyatli vazifani milliy qonunchiligimiz doirasida bajarishimiz uchun barcha sharoit mavjud. Komissiyamiz faoliyat boshlagan dastlabki kunda tegishli yig‘ilish o‘tkazib, ish reja tuzib oldik. Vazifalarni belgiladik. Saylov uchastkamizning o‘zida seminar tashkil etib, bilim va ko‘nikmalarimizni mustahkamladik. Saylovchilar xatlovini o‘tkazish uchun a’zolarimizni ko‘chalarga taqsimlab chiqdik. Ish rejamiz asosida faoliyat yuritib, saylovni yuksak saviyada o‘tkazamiz.
Ayni paytda viloyatning olis va chekka tumanlaridagi saylov uchastkalarida ham mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy kampaniya– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA