Saylov mening huquqim
Navoiy viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Navoiy mashinasizlik zavodi ishlab chiqarish birlashmasida “Saylov mening huquqim” aksiyasi tashkil etildi.
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovni yuqori darajada tashkil etish va saylovchilarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari davom etmoqda.

bugungi kunda “Navoiy mashinasizlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasida mingdan ortiq ishchi va xizmatchi faoliyat olib boradi. Navoiy viloyati adliya organlari mas’ullari “Saylov mening huquqim” aksiyasi doirasida mazkur soha vakillari bilan ham muloqotda bo‘ldi. Tadbir davomida yig‘ilganlarga saylov natijalari O‘zbekiston kelajagi, yurtimizda boshlangan keng ko‘lamli islohotlarning davomiyligini ta’minlashga bevosita daxldor ekanligi ta’kidlanib, fuqarolarni saylovda faol ishtirok etish, o‘zlarining konstitutsiyaviy burchlarini bajarishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan saylov qonunchiligi tushuntirilib, Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, demokratiya ko‘zgusi hisoblangan bu siyosiy jarayonni yuqori saviyada, qonunchilik talablari va xalqaro standartlar talabi darajasida tashkil etish hamda fuqarolarning saylovda faol ishtirokini ta’minlash muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi.

– Saylov muhim siyosiy jarayon, – deydi birlashma ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimi Mashhura Rahimova. – Bunga hech kim befarq bo‘lmasligi lozim. Tashkilotda ham xodimlarning siyosiy bilimlarini oshirib borishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada adliya organlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Birlashmamiz sexlarida saylov burchaklari tashkil etish, ichki radio aloqa vositalari orqali xodimlarni saylov qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanishtirib borishga e’tibor qaratib kelmoqdamiz.

“Saylov mening huquqim” aksiyasi doirasidagi targ‘ibot tadbirlari “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida mahalla fuqarolar yig‘inlarida davom etdi. Mahalla faollari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlar davomida fuqarolarga saylovga oid ma’lumotlar taqdim etilishi bilan birgalikda mahallaning mazkur siyosiy jarayonga tayyorgarligi bilan ham tanishish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Yoshlar o‘rtasida “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida o‘tkazilgan “Saylov viktorinasi” ularning saylov qonunchiligiga oid bilimlarini baholashda muhim mezon bo‘ldi.

Tadbirlar davomida saylov qonunchiligiga oid ko‘rgazma materiallari tarqatildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA