«Saylov bilimdoni» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan respublika oliy ta’lim muassasalari talabalarining saylov haqidagi huquqiy madaniyati va bilimini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda mazkur bilimlarni talaba-yoshlar o‘rtasida ommalashtirish maqsadida «Saylov bilimdoni» onlayn test tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov uch bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqichda oliy ta’lim muassasalarining 13 785 nafar talabasi ishtirok etib, ularning 1 ming 851 nafari 2-bosqichga tavsiya etildi. Bu bosqichda 953 talaba ishtirok etib, ularning 300 nafari 3-bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Tanlov yakunida 288 talaba ishtirok etdi. Ulardan 6 nafari tanlov g‘oliblari sifatida e’tirof etildi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida bo‘lib o‘tdi.
– Sizlar qariyb 15 ming nafar talabalar orasidan saralangan holda g‘oliblikka erishdingiz. Bu sizning saylovga oid bilimingiz yuqoriligi, yurtimizda bo‘layotgan siyosiy jarayonda faolligingizdan darak, albatta, - dedi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov. - Aminmanki, sizlardan kelajakda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan, siyosiy va huquqiy taraqqiyotning drayveri bo‘ladigan yetuk rahbarlar yetishib chiqadi.
Tanlov g‘oliblari munosib taqdirlandi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA