Saxovatpesha insonlar talabalarga ko‘mak bermoqda
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida talabalarning bugungi kundagi ijtimoiy-huquqiy himoyasi va jamoatchilik tomonidan xayriya ishlari borasida amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda “Mehrli qo‘llar” xayriya fondi hamkorlikda jamiyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, iqtidori va faolligini rag‘batlantirish maqsadida respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan chin yetim, nogironligi bo‘lgan, ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va Mehribonlik uyida tarbiyalangan talabalar uchun “Yoshlar ta’lim granti” loyihasini e’lon qilgan edi.
Mazkur grantning maqsadi – oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalarning 2020/2021 o‘quv yili uchun stipendiyasiz hisoblangan to‘lov-shartnoma mablag‘ining 50 foizigacha bo‘lgan qismini to‘lab berishdir.
Ushbu grant yoshlar o‘rtasida shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash, haqiqiy ijtimoiy himoyaga muhtoj toifa vakillarini izlab topish, eng muhimi, xayriya mablag‘lari o‘zining haqiqiy munosib egasini topishi uchun birinchi marotaba alohida “Yoshlar ta’lim granti” ishtirokchilari uchun metsenat.uz platformasi ishga tushirildi va mazkur platforma orqali bugungi kungacha 1570 nafar talabaning arizasi kelib tushgan.
– Ilmga sarflanadigan investitsiya eng muvaffaqiyatli hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktori o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev. – Har bir inson o‘zidan xulosa qilib, ilmga pul tikishni o‘rganishi kerak. Buni kundalik odat darajasiga olib chiqishi lozim. metsenat.uz loyihasi hech qanday tijoriy foydani ko‘zlamaydi. Bu loyiha ustida 6-7 kishi ishlayapmiz. Bu platformani o‘zimizning hisobimizdan yaratganmiz. Maqsad pulni to‘g‘ri yo‘naltirishga yordam berish. metsenat.uz platformasi orqali saxovatpesha insonlar yordami bilan OTMda shartnoma asosida o‘qiyotgan chin yetim, nogiron, qiynalgan oila farzandlarining shartnoma pulini to‘lashga ko‘maklashishdir. metsenat.uz platformasini e’lon qilganimizga ikki oydan oshgan bo‘lsa, 1 ming 677 nafar g‘olibga 4 milliard 990 million so‘m yo‘naltirilgan. Jami 10 loyiha e’lon qilindi. “Yoshlar ta’lim granti” loyihasi shulardan bittasi.
– Kelib tushgan har bir ariza ekspertlar kengashi tomonidan ikki bosqichda atroflicha o‘rganib chiqildi, – deydi “Mehrli qo‘llar” xayriya jamoat fondi direktori B.Alimov. – Unga ko‘ra, hujjatlari nizom qoidalariga to‘liq javob beradigan 203 nafar talabaga (36 nafari chin yetim, 3 nafari nogiron, 11 nafari Mehribonlik uyida tarbiyalangan hamda 153 nafar boquvchisini yo‘qotgan talabaga – 475.834.291 so‘m miqdorda 2020/2021 o‘quv yili uchun stipendiyasiz hisoblangan to‘lov-shartnoma mablag‘ining 50 foizigacha bo‘lgan qismi Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda “Mehrli qo‘llar” xayriya jamoat fondi tomonidan beg‘araz to‘lab berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, tashkilot tomonidan o‘tgan 2020 yilning boshida 2019/2020 o‘quv yilining 2-yarim yili uchun ta’lim granti loyihasi doirasida oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan chin yetim, nogiron, ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan va Mehribonlik uyida tarbiyalangan, boquvchisini yo‘qotgan, umuman olganda, ijtimoiy himoyaga muhtoj 120 nafar talabaning 300 mln so‘mlik to‘lov shartnoma mablag‘lari beg‘araz tartibda to‘lab berilgan edi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA