Fargʻonada 32 ming nafar fuqaro ishsiz qolgan
Fargʻona viloyatida pandemiya taʼsirida 32 mingdan ortiq xonadonlardagi fuqarolar ishsiz qolgan.
Fargʻona viloyatida pandemiya taʼsirida 32 mingdan ortiq xonadonlardagi fuqarolar ishsiz qolgan. Shuningdek, 23 mingdan ziyod kambagʻal oilalar bor. Bugungi sinovli kunlarda tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar qiyin ahvolga tushib qolgan bu kabi muhtoj, ehtiyojmand oilalarga begʻaraz homiylik yordamini koʻrsatmoqda.
Fargʻona ahlining mehmondoʻstligi, mehnatsevarligi kabi fazilatlari qatoriga saxovatpeshalik ham qoʻshildi. Ammo bu ishni bajarayotganlar koʻz-koʻz uchun qilayotgani yoʻq. Qalb amri bilan muhtojlarga koʻmak beryapti. Ramazon oyidagi bu xayrli tadbirlar xalqimizning olijanob fazilatlarining yorqin ifodasidir.
Bagʻdod tumanidagi tadbirkorlar, qoʻshma korxonalarning begʻaraz koʻmagi, xayr-saxovati ishsiz, kam taʼminlangan oilalarga madad boʻlmoqda. Korxona tumandagi mingdan ortiq ishsiz, ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam berishni boshladi. Hozirga qadar 300 ta oilaga oʻn turdan ortiq zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 150 nafari esa ish bilan taʼminlandi.
“Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Sayyora Qodirova oilada bir oʻzi ishlaydi. Turmush oʻrtogʻi ikkinchi guruh nogironi. Karantin davrida bu oila qiyin ahvolga tushib qoldi. Otaliqqa olingan bu oilaga bir qop un, kartoshka, goʻsht va boshqa kundalik roʻzgʻor uchun kerak boʻladigan mahsulotlar yetkazildi.
–Rosti buni sira kutmagan edik. Bunday eʼtibordan koʻnglim togʻdek koʻtarildi. Barcha tashabbuskorlarga rahmat, – deydi oila bekasi Sayyora opa.
Albatta yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir. Tumanda bu kabi xayrli amallar, savobli ishlar tizimli davom etmoqda.