Saxovatli Namangan qadriyatlari – ko‘hna chust tarixiga oshufta
Namangan viloyati Chust tumani G‘ova qishlog‘ida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan “Saxovatli Namangan qadriyatlari – ko‘hna Chustim tarixiga oshufta” mavzuida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
“Millat birdamligi – yangi O‘zbekiston tayanchi” shiori ostida o‘tkazilgan festivalda turli millat xalqlari qadriyatlari, urf-odatlarini aks ettiruvchi liboslar ko‘rgazmasi, milliy taomlar namoyishi, xalq o‘yinlari tomoshalari tashkil etildi. Shuningdek, tumandagi barcha ta’lim muassasalarida tasviriy san’at hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, “Folklor jamoalar” tanlovi, mahalla, tashkilot, korxonalar o‘rtasida “Eng lazzatli osh” tanlovi o‘tkazildi.
[gallery-2989]
Mazkur tanlovlar g‘oliblariga festival yakunida diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bugunga kelib, tuman ahli 272 ming nafardan oshgan. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, o‘nlab yoshlar turli sohalarda muvaffaqiyatga erishmoqda. Xususan, “Botir Zokirov san’ati davomchilari”, “Alla aytgan yetar murodga”, “Nihol” respublika ko‘rik-tanlovlarida tuman yoshlari g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.
Festivalda Namangan viloyati hokimi Sh.Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA