Saxovatdan ulashilgan quvonch
FOTOREPORTAJ
Ehson va saxovat xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Ehtiyojmand insonlarga ko‘mak ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar bugun ham izchil davom etmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun xayriya xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonga cheksiz quvonch ulashildi.
To‘y bolalariga velosiped, kostyum-shim, oyoq kiyimlari va boshqa sovg‘alar topshirildi. Ular uchun bayram dasturxoni yozilib, ko‘ngilochar dasturlar namoyish etildi.
[gallery-30936]
— Turmush o‘rtog‘im ikki yil avval insultni boshidan kechirib, I guruh nogironi bo‘lib qolgan. Oilamiz ijtimoiy himoyaga olingan, to‘rt nafar farzandimiz bor. Bugun kichik o‘g‘limning to‘yini o‘tkazib berishdi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan, tashkilotchilardan minnatdormiz, - deydi G‘allaorol tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi Nilufar Omonova.
Ezgu tadbir doirasida G‘allaorol tumani Jiydali mahallasining Sho‘rchi qishlog‘ida yashovchi, I guruh nogironligi bo‘lgan Dilshod Turdoliyevga ham yangi xonadon kalitlari topshirildi.
To‘rt xonali zamonaviy uy “Vaqf” xayriya jamoat fondi va saxovatpesha homiylar mablag‘lari hisobidan qurib bitkazildi.
Saxovat tadbirlari inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA