Saxovat bog‘ining totli mevasi
Prezidentimizning 2017-yil 27-sentabrdagi farmoniga muvofiq, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining fizika o‘qituvchisi Ikromjon Marahimov "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Prezidentimizning 2017-yil 27-sentabrdagi farmoniga muvofiq, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining fizika o‘qituvchisi Ikromjon Marahimov "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Viloyatda fizika fani bo‘yicha taniqli mutaxassislardan biri bo‘lgan muallim 35-yildan buyon o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda. Aniq fanlarga ixtisoslashgan mazkur ta’lim maskanida fizika fanini o‘qitishda o‘ziga xos maktab yaratilgan. Bunda jonkuyar ustoz I.Marahimovning hissasi katta.
Uning o‘quvchilari fizika fanidan bilimlar bellashuvi va fanlar olimpiadalarida muntazam faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Sobiq o‘quvchilaridan 25 nafari bugungi kunda fizika o‘qituvchisi sifatida ta’lim maskanlarida mehnat qilmoqda. 2006-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan ustoz 50 dan ortiq o‘quv-metodik qo‘llanma, elektron dars ishlanmalari va 100 dan ziyod ko‘rgazmali vositalar ishlab chiqqan. 2013-2016-yillarda uning "Fizika darslarida masalalar yechishda geometriya qoidalaridan foydalanish", "Fizika darslarida ko‘rgazma vositalari sifatida mahalliy materiallardan foydalanish" kabi uslubiy qo‘llanmalari viloyat miqyosida ommalashtirilgan.
Turmush o‘rtog‘i Mamlakatxon opa ham o‘qituvchi. Ular to‘rt farzandni el-yurt koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyaladi.
– Ushbu xushxabarni eshitganimda, avvaliga ishonqiramadim, mendek bir oddiy o‘qituvchining shunday yuksak mukofot bilan taqdirlanishi kutilmagan hol-da. Qalbimda cheksiz hayajon uyg‘ondi, – deydi I.Marahimov. – Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan maktabga, xususan, o‘qituvchilar mehnatini e’zozlashga alohida e’tibor qaratilayotgani biz, pedagoglarni yosh avlod tarbiyasi yo‘lida yanada katta g‘ayrat bilan ishlashga undaydi.
Ikromjon Marahimovning "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlangani haqidagi xushxabar bir zumda butun viloyatga yoyildi. Muallimning Zarkent qishlog‘idagi mo‘jazgina hovlisi do‘stlari, hamkasblari, sobiq o‘quvchilari, shogirdlari, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar bilan to‘ldi. Pedagog mehnatining bunday yuksak e’tirofga sazovor ko‘rilgani barchaning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Ta’limga e’tibor – millat kelajagiga e’tibor ekanini barcha yakdillik bilan ta’kidladi.
Ha, bu yuksak unvon Ikromjon Marahimov yaratgan va o‘z mehnati bilan parvarishlab kelayotgan saxovatli bog‘ning totli mevasidir.